O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, taʼlim va infratuzilmani rivojlantirish sohalarida 1 mlrd dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshiriladi

Joriy yilning 28 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Koreya Respublikasi Prezidenti o‘rtasida bo‘lib o‘tgan onlayn sammit doirasida kelgusidagi investitsiya, savdo-iqtisodiy hamkorlikning asosiy jihatlarini belgilab beruvchi hukumatlararo va idoralararo darajadagi bir qator bitimlar imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasida 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish jamg‘armasi (EDCF) bilan hamkorlik dasturini amalga oshirish bo‘yicha doiraviy bitim imzolandi. Uning doirasida sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, taʼlim va infratuzilmani rivojlantirish sohalarida 1 mlrd dollarlik investitsiya loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Koreya Eksimbanki bilan imtiyozli moliyalashtirish dasturi orqali ajratiladigan jami 164 mln dollarlik kredit shartnomalari imzolandi. Ushbu resurslardan Toshkent shahrida kattalar uchun Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va Ilmiy - tadqiqot va loyihaviy instituti - Kimyoviy texnologiyalar markazini tashkil etish loyihalarini amalga oshirish uchun foydalaniladi.

Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining qurilishi “yurak-qon tomir jarrohligi”, “angionevrologiya”, “neyroonkologiya mavjud bo‘lgan miya va umurtqaning minimal invaziv jarrohligi”, “onkoginekologiya” va “rekonstruktiv ortopediya” yo‘nalishlarida ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yaratish imkonini beradi. Shuningdek, Markazda 300 ta o‘ringa ega yuqori texnologiyali jarrohlik bloki barpo etiladi. Mazkur blokda yiliga kamida 8,5 mingta yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlarini bajarish imkoniyati yaratiladi. 760 ta yangi ish o‘rni tashkil etiladi.

Kimyo texnologiyalari markazining barpo etilishi yuqori texnologiyali ilmiy-tadqiqot majmuasini tashkil etishni ko‘zda tutadi. Uning asosiy vazifasi mamlakatimizning kimyo sohasidagi sanoat salohiyatini oshirish maqsadida mavjud tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni joriy etishdan iborat bo‘ladi. Ushbu loyiha yurtimiz kimyo sanoati korxonalarida chuqur qayta ishlashning innovatsion usullarini keng joriy qilishni hamda yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni taʼminlaydi va 130 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratadi.

Shuningdek, sammit doirasida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Koreya Respublikasi Savdo, sanoat va energetika vazirligi o‘rtasida “To‘rtinchi sanoat inqilobiga ko‘maklashish maqsadida raqamlashtirish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida Memorandum” imzolandi. Ushbu hujjat O‘zbekistonda “aqlli” innovatsiya fabrikalari, “aqlli” fermer xo‘jaliklar va “aqlli” shaharlarni yaratish, raqamli sog‘liqni saqlash tizimini joriy etish va inson resurslarini rivojlantirishni ko‘zda tutadi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech