O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi

Shunday dori vositalari borki, agar ular shifokor tavsiyasisiz isteʼmol qilinsa, inson hayotiga jiddiy xavf tug‘diradi. Xususan, kuchli taʼsir qiluvchi preparatlarni noto‘g‘ri qo‘llash tufayli ushbu farmatsevtik mahsulotlarga qaram bo‘lib qolish yoki narkologik kasalliklarga yo‘liqish mumkin. Katta hayot ostonasida turgan o‘smir yigit-qizlar orasida bu kabi zararli odatlar uchrayotgani ota-onalarni, xalqimiz salomatligiga befarq bo‘lmagan har bir fuqaroni tashvishga solishi shubhasiz.

Axir, ularning bunday xatarli yo‘lga qadam qo‘yishi yaqinlari, mahalla-ko‘y va taʼlim dargohlari uchun ham kaltis oqibatlariga olib kelishi turgan gap.

Afsuski, oramizda ushbu moddalar inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazishini bila turib, yoshlar orasida kuchli taʼsir qiluvchi va sifati kafolatlanmagan bu dori vositalarini sotishga urinayotgan nopok kimsalar va dorixona egalarining borligi achinarlidir.

— Maʼlumki, 2019 yil 6 sentyabrda Prezidentimizning “Dori vositalari noqonuniy aylanishining oldini olish choralarini kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan, — deydi Respublika Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Toshket shahar bo‘limi rahbari Ulug‘bek JUMANIYOZOV. — Unga ko‘ra, 2019 yil 1 dekabrdan boshlab tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarining chakana realizatsiyasi (berilishi) faqat ijtimoiy dorixonalar, shuningdek, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni saqlash va realizatsiya qilish (berish) faoliyatiga litsenziyasi bo‘lgan dorixonalar tomonidan amalga oshirilishi belgilangan. Biroq afsuski, o‘rnatilgan ushbu tartibga qaramay, bugungi kunda retseptsiz berilmaydigan, faqat ruxsatnomasi bor dorixonalardagina sotiluvchi bu dorilar turli noqonuniy yo‘llar bilan yoshlarimiz qo‘liga borib qolmoqda.

Aslida kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari aholi soni va kasallanish darajasining uch yillik statistikasiga qarab, eksport qilinadi. Masalan, birgina “Tropikamid” dori vositasini oladigan bo‘lsak, ushbu preparat ko‘z kasalliklari shifoxonalarida diagnostika qilish va boshqa muolajalarda ishlatiladi. Ushbu farmatsevtik mahsulot ijtimoiy dorixonalarga qatʼiy belgilangan miqdorda olib kelinadi va bemorlarga faqatgina retsept asosida beriladi. Ko‘cha-ko‘yda va ayrim dorixonalarda noqonuniy sotilayotgan kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari yurtimizga kontrabanda usulida olib kiriladi va sotiladi.

Maʼlumotlarga qaraganda, ularning noqonuniy savdosiga chek qo‘yish maqsadida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining Toshkent shahar bo‘linmasi va huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari o‘zaro hamkorlikda yil boshidan beri bir necha bor tezkor tadbirlar o‘tkazdi.

— Xususan, ana shunday tadbirlarda poytaxtimizdagi Yunusobod tumani Osiyo ko‘chasida joylashgan “Aziza pharmasy plus” MCHJ, Chilonzor tumanida joylashgan “Farm luks” MCHJ, “Atsefenak farm”, “Gulshana pharm servis” MCHJ, Uchtepa tumanida joylashgan “Impulus farm trade”, “Sity open”, “Farm standart navoiy” MCHJ, Shayxontoxur tumanida joylashgan “Salus oniko” MCHJga qarashli qator dorixonalarda kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy savdosi amalga oshirilgan, — deydi U. JUMANIYOZOV. — Ayni paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qonunda belgilangan tartibda mazkur dorixonalar egalarini javobgarlikka tortish choralari ko‘rilmoqda. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga ular bo‘yicha taqdimnomalar kiritilgach, belgilangan tartibda dorixonalar litsenziyasi olib qo‘yiladi hamda 3 yil davomida javobgar shaxsga litsenziya berilishi va muassasada dori-darmon savdosini amalga oshirilishi taqiqlanadi.

Shu o‘rinda yurtimizdagi barcha dorixona egalarini oson moddiy daromad ketidan quvib, maʼmuriy, hatto jinoiy javobgarlikka tortilishi hamda litsenziyasidan mahrum bo‘lishiga sabab bo‘ladigan noqonuniy faoliyatdan saqlanishini so‘rab qolamiz.

Eng asosiysi, ularning bu harakatlari tufayli yosh avlodimiz salomatligiga jiddiy zarar yetayotgani, kelgusida jamiyatimizning oldi qatorlarida bo‘lishi mumkin bo‘lgan yigit-qizlarning kuchli taʼsir qiluvchi vositalarga qaram holatga kelib qolishi achinarlidir.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech