O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Tibbiy niqobning turlari va ularning bir-biridan farqi bormi?

Tibbiy niqob turlari va ulardan foydalanish haqida SSV Matbuot xizmatiga Toshkent tibbiyot akademiyasi o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, tibbiyot fanlari doktori, professor Shuhrat Boymurodov batafsil so‘zlab berdi:

— Hozirgi kunda tibbiy niqoblarning bir necha turlari mavjud. Ular sirasiga: kunlik (muolaja) niqoblar, maxsus xirurgik niqoblar, sterillangan va sterillanmagan niqoblar kiradi.

Kunlik (muolaja) niqoblar – bir marotabalik tibbiy mahsulot hisoblanib, uchta qavatdan iborat: ichki va tashqi qavati, o‘rtasida filtri bo‘ladi.

Maxsus tibbiyot niqoblari 4 qism bo‘lib, filtr, ichki va tashqi qismlaridan tashqari suyuqlik o‘tkazmaydigan maxsus plast qismiga ham ega. Niqobning ushbu qismi teri qoplamasini turli biologik suyuqliklardan himoya qiladi.

Sterillanmagan niqoblar kundalik faoliyatda qo‘llaniladi. Sterillangan niqoblar esa maxsus toza joylarda foydalaniladi (xirurgik muolaja jarayonida, laboratoriyada va hokazo).

Tibbiy niqoblardan 2 soatdan 6 soatgacha foydalanish mumkin. Pandemiya sharoitida mutaxassislar niqoblardan 2 soatdan ortiq foydalanmaslikni hamda foydalanilgan niqoblarni utilizatsiya qilishni tavsiya etishadi.

Bundan tashqari, virus organizmga nafaqat nafas olish tizimi, balki ko‘z konyuktivasi, ochiq yaralar va ifloslangan qo‘llar orqali ham yuqishi mumkin. Shuning uchun ham, jamoat joylarida ijtiomiy masofani 1,5-2 metr oralig‘ida saqlash, yuz va ko‘zlarga yuvilmagan qo‘llar bilan tegmaslik kerak.

Tibbiy niqoblarning yana bir turi, respiratorlar ham koronavirus infeksyasidan himoyalashda samarali taʼsirga ega.

Oddiy tibbiy niqoblarga qaraganda respiratorlar – kasallik tashuvchi bemor uchun xavfsiz hisoblanadi va ularning bir necha turlari mavjud. Ular nafas organlarini chang va toksik, notoksik aerozollar, bakteriya va radioaktiv metall zarrachalaridan himoyalaydi va 8 soatgacha vaqt maboynida 80 foizdan 99 foizgacha virusdan himoya qiladi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech