O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

“Toshkent” xalqaro aeroportida dori vositalarini yashirincha olib kirishga bo‘lgan urinish fosh bo‘ldi

Sifati kafolatlanmagan dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi bojxona organlari tomonidan tizimli ravishda kurash olib borilmoqda.

“Toshkent” xalqaro aeroportiga xorijiy aviareys bilan uchib kelgan fuqaro T.A.ning xatti-harakatlari bojxonachilar eʼtiborini tortdi va uning yuklari o‘rnatilgan tartibda ko‘zdan kechirildi. Natijada, ushbu shaxs yuklari orasida bojxona nazoratiga taqdim etilmagan va jismoniy shaxslar uchun belgilangan olib kirish meʼyoridan ortiqcha bo‘lgan, umumiy qiymati 46,5 million so‘mlik 309 dona dori vositalari bilan birga 13 dona uyali aloqa vositalari borligi aniqlandi.

Shuningdek, yana bir holatda, xorijiy mamlakatdan uchib kelgan fuqaro Yu.Sh.ning yuklari belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Tekshiruv davomida, yuklar orasida bojxona nazoratiga taqdim etilmagan hamda jismoniy shaxslar uchun belgilangan bojxona to‘lovlarisiz olib kirish meʼyoridan ortiq bo‘lgan, umumiy qiymati 46 mln. so‘mlik 9 dona uyali aloqa vositalari borligi aniqlandi.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 8 iyuldagi “Dori vositalari va tibbiy buyumlarni jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kirish hamda olib chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 191–sonli qaroriga asosan, jismoniy shaxslar tomonidan yashash yoki bo‘lish mamlakati tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan hujjat taqdim etilmasdan turli nomdagi 10 tagacha dori preparatlaridan iborat dori vositalari va ularning har biri uchun 5 o‘ramdan ortiq bo‘lmagan dori vositalarini shaxsiy foydalanish uchun olib kirish mumkinligi belgilangan.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech