O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Toshkentda qo‘lbola qadoqlangan “Arbidol” savdosi bilan shug‘ullangan guruh ushlandi

Toshkentda xorijda ishlab chiqarilgan va qo‘lbola usulda qadoqlangan “Arbidol” dori vositasining noqonuniy savdosi bilan shug‘ulanganlar aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati Sputnik nashriga maʼlum qilgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamentining Yakkasaroy tuman bo‘limi tezkor tadbir o‘tkazgan. Unda fuqaro Sh. xorijda ishlab chiqarilgan va qo‘lbola usulda qadoqlangan “Arbidol” dori vositasini har bir quttisini 450 ming so‘mdan hisoblab, 40 qutisini xaridorga 18 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, u dorini “Telegram” dasturidagi dori vositalarining oldi-sotdisi bilan shug‘ullanish maqsadida ochilgan “Onp_uzb” nomli kanal orqali tanishgan I. va S. ismli shaxslardan qayta sotish maqsadida har bir quttisini 320 ming so‘mdan hisoblab 40 quttisini 1200 dollar va 560 ming so‘mga sotib olganligini bayon etgan.

Fuqaro Sh.  pushaymonlik to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilib, unda fuqaro I. va S.larning noqonuniy xatti-harakatlariga chek qo‘yishda yordam berishini so‘ragan. O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ular fuqaro Sh.ga “Arbidol”ning har bir quttisini 320 ming so‘mdan hisoblab, 110 quttisini jami 35,2 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan tergovoldi tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech