O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Uyda davolanayotgan bemorlarga tavsiya qilingan dorilarni qabul qilish tartibi nimalardan iborat?

17 iyul kuni Respublika maxsus komissiyasi aʼzosi, professor Feruza Hamroboyeva uyda davolanayotgan fuqarolar uchun tarqatiladigan dori-darmonlar ro‘yxati va ularni qabul qilish tartibi haqida maʼlumot berdi.

«Hukumat tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligi va Farmatsevtika tarmoqlarini rivojlantirish agentligiga maxsus topshiriq berildi. Unga ko‘ra, zudlik bilan koronavirus bilan og‘rigan bemorlarni davolash uchun dorilar jamlanmasini shakllantirish zarur. Bu dori-darmonlar jamlanmasi esa JSST ko‘rsatmalariga asosan tanlanishi kerak. Dori-darmonlar jamlanmasining uyda davolanayotgan bemorlarga tarqatilishi alohida ahamiyatga ega», – dedi Feruza Hamroboyeva. 

Uning maʼlum qilishicha, shakllantirilgan dori-darmonlar jamlanmasi alohida qutichaga joylashtiriladi va «COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolashda qo‘llaniladigan dori vositalari to‘plami» deb nomlanadi. Dori to‘plami qutichasiga bepul tarqatilishi shartligi va albatta shifokor maslahati bilan ichish kerakligi haqida qaydlar yozilgan.

«To‘plamdagi dorilardan biri – gidroksixloroxin. U bitta konvalyutadan tashkil topgan va har bir tabletka 200 mg.dan iborat. Bu dori vositasi aslida bezgakni davolash bo‘yicha klinik qo‘llanmalarga ega, lekin JSSTning oxirgi ko‘rsatmalariga binoan koronavirus uchun ham samarali deb topilgan.

Gidroksixloroxin dori vositasi kuniga 2 mahal bitta tabletkadan ovqat vaqtida qabul qilinadi. Dorini qabul qilish davomiyligi 2 kundan 5 kungacha hisoblanadi», – dedi Feruza Hamroboyeva.

Professorning qayd etishicha, to‘plamdagi keyingi dori vositasi azitromitsin sanaladi. Bu dori makrolidlar guruhiga kiradi. Makrolidlar esa antibakterial vositalarga mansub va ancha kuchli taʼsirga ega.

«Arzitromitsin o‘zi mustaqil tarzda virusga qarshi ishlamaydi, bu dori vositasi bemorda virus natijasida shamollash alomatlari kelib chiqadigan bo‘lsa va shifokor dorini qabul qilish vaqti yetgan, deb hisoblasa, bemorga tavsiya qilinadi. Azitromitsin kuniga bir mahal 500 mg ovqatdan 1 soat oldin yoki ovqatdan 2 soat keyin 3-5 kun davomida qabul qilinadi. Azitromitsinning bitta tabletkasi dozasi 250 mg.dan iborat, bu bolalar uchun tavsiya etilgan doza hisoblanadi. Shuning uchun katta yoshdagilar azitromitsinni 2ta tabletka sifatida qabul qilishadi.

To‘plamdagi keyingi dori – paratsetamol. Uni faqatgina isitma tushurish uchun emas, balki og‘riq qoldirish uchun ham isteʼmol qilish mumkin. Koronavirus bemorlari uchun esa paratsetamol tana harorati balandlashganda kuniga bir mahal to‘q qoringa ichish tavsiya qilinadi. Agar dori to‘q qoringa ichilmasa, oshqozon shilliq qavatiga salbiy taʼsir qilishi mumkin. Bundan tashqari, uyda davolanayotgan bemorlarga kukun shaklidagi S vitamini – askorbinka ham beriladi. Bu vitamin organizmning kasallikka qarshi kurashuvchanligini oshiradi. Vitaminni suvga solib kuniga bir necha marta ichish mumkin», – dedi u.

Shuningdek, to‘plamdan tibbiy niqoblar ham o‘rin olgan. Niqoblar bemorni boshqa oila aʼzolaridan izolyatsiya qilishda qo‘l keladi.

«Koronavirus alomatlarini sezgan bemorlar «Tez yordam»ga qo‘ng‘iroq qilishganda turli kechikishlar kuzatilayotgani haqida yozishmoqda. Bu masalaning ustida ishlanyapti, lekin hali ishlar oxiriga yetkazilgani yo‘q. Ayni paytda «Tez yordam» mashinalari soni ko‘paytirilmoqda va bu mashinalar koronavirus bemorlariga yordam ko‘rsatish uchun to‘liq jihozlangan», – deya qo‘shimcha qildi Feruza Hamroboyeva.

Manba

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech