O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Vaksinalarni tarqatish «tarixdagi eng yirik transport muammosi»ga aylanishi mumkin

Koronavirusga qarshi vaksinani butun dunyoga tarqatish «tarixdagi eng yirik transport muammosi»ga aylanishi mumkin, deb yozmoqda BBC. Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) maʼlumotiga ko‘ra, buning uchun «Boeing 747» ekvivalentidagi samolyotlardan 8000 tasi kerak bo‘ladi.

Hozircha tashiladigan vaksinaning o‘zi yo‘q, shunga qaramasdan, IATA aviakompaniyalar, aeroportlar, sog‘liqni saqlash tashkilotlari, farmatsevtika kompaniyalari bilan havo transportida vaksinalarni tashish global rejasi muzokaralarini o‘tkazmoqda.

«Koronavirusga qarshi vaksinani xavfsiz yetkazish yuk aviatashuvlari global sanoati uchun asr missiyasiga aylanadi. Biroq puxta rejalashtirishsiz buni uddalash mumkin emas. Vaqt esa yetib keldi», — dedi IATA ijrochi direktori Aleksandr de Juniak.

Karantin davrida yo‘lovchi reyslari jiddiy pasayishga yuz tutganidan so‘ng aviakompaniyalar bor eʼtiborlarini yuk tashishga qaratishgan. Biroq samolyotlarning barchasida ham vaksina tashib bo‘lmaydi, chunki dorilarni muayyan haroratda saqlash talab etiladi. Ayrim vaksinalar uchun juda past harorat kerak bo‘lishi mumkin, aksariyat samolyotlarda esa bunday sharoitni yaratish imkonsiz.

Ayniqsa, Janubi-sharqiy Osiyoning ayrim nuqtalari hamda butun Afrikaga vaksinani yetkazishda jiddiy muammolar kuzatilishi mumkin. Ayni paytda 140 ga yaqin vaksina ustida sinovlar turli bosqichlarda ketyapti, 20 tacha mamlakatda klinik sinovlar o‘tkazilmoqda.

IATA mamlakatlar hukumatlarini vaksinalar yetkazishga tayyor bo‘lganidan so‘ng muammolar yuzaga kelmasligi uchun hozirdanoq hozirlik ko‘rib qo‘yishga chorlamoqda. Vaksinalar muayyan harorat ostida tayyorlanishi, tashilishidan tashqari ularning xavfsizligi muammosi ham bor.

«Vaksinalar — juda qimmat mahsulot. Ularni qalbakilashtirish va o‘g‘irlashdan asrash uchun barcha choralar ko‘rilishi shart», — deyiladi assotsiatsiya bayonotida.

 Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech