O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Xitoylik mutaxassislar bilan koronavirusga qarshi kurashda hamkorlikni yana-da kengaytirishga oid shartnoma imzolandi

Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov hozirda yurtimizda bo‘lib turgan xitoylik shifokor va mutaxassislardan iborat delegatsiya bilan uchrashdi.

Unda aytib o‘tilganidek, o‘tgan yili aprel oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi davomida qator sohalar qatorida sog‘liqni saqlash tizimini yana-da rivojlantirish bo‘yicha qator kelishuvlarga ham erishilgan edi. Ushbu saʼy-harakatlar samarasi o‘laroq, hozirgi pandemiya bilan bog‘liq bo‘lgan vaziyatda ikki davlat o‘rtasida ushbu yo‘nalishda samarali hamkorlik yana-da rivojlanib borayotgani qayd etildi.

Muloqotda xitoylik mutaxassislarning yurtimiz tibbiyot xodimlari bilan hamkorlikda “COVID-19” pandemiyasi keng tarqalishining oldini olish, uni nazorat qilish va davolash borasida olib borilayotgan saʼy-harakatlari eʼtirof etildi. Shuning barobarida xitoylik mutaxassislar yurtimizda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda yaxshi natijalarga erishilayotganligi, shuningdek, xalq tabobati borasida yaxshi anʼanalar shakllangani, ayniqsa, buyuk tabib Abu Ali ibn Sino ilmiy merosi, asarlari Xitoyda ham qo‘llanma sifatida keng foydalanilishini eʼtirof etishdi.

Eʼtiborli jihati, uchrashuv doirasida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda “Beizhong Yilin Pharm Tech (Beijing) Co. Ltd.” farmatsevtika kompaniyasi o‘rtasida xalq tabobatini rivojlantirish, bu borada ilmiy izlanishlar olib borish hamda o‘zaro hamkorlikni yana-da kengaytirish bo‘yicha shartnoma ham imzolandi. Unda mamlakatimizda xalq tabobatini rivojlantirish borasida qator vazifalar belgilandi.

Jumladan, o‘zbek va xitoy xalq tabobatini o‘zaro uyg‘unlashtirib, sohada samarali qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, ham tashxis qo‘yishda, ham davolashda unumli foydalanish, shuningdek, yurtimizda yaqin oylarda Xitoy xalq tabobati markazini ochish, mutaxassislarimizni koronavirusga qarshi kurashda Xitoy tajribasi bo‘yicha o‘qitish, malakasini oshirish kabi yo‘nalishlar mazkur shartnomada o‘z aksini topgan.

Uchrashuv so‘nggida xitoylik mutaxassislar tomonidan “COVID-19”ga qarshi Xitoyda muvaffaqiyatli qo‘llanilgan anʼanaviy xitoy tabobati usulida tayyorlangan dori vositalarining dastlabki qismi taqdim etildi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech