O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Xitoyliklar shifokorlarimizni “COVID-19”dan himoyalash uchun xalq tabobati usulida tayyorlangan dorilarini yetkazib beradi

Xabaringiz bor, Xitoyning “Beizhong Yilin Pharm Tech (Beijing) Co. Ltd.” farmatsevtika kompaniyasi hamda Szyansi anʼanaviy xitoy tabobati universitetining 10 nafar shifokor va mutaxassislaridan iborat guruh yurtimizda bo‘lib turibdi.

Xitoylik mutaxassislarining fikriga ko‘ra, anʼanaviy xitoy tabobati G‘arb tibbiyoti bilan birgalikda “COVID-19”ni oldini olish, uni davolash va reabilitatsiyasida muhim ahamiyat kasb etadi. Buni mamlakatning bir qator viloyatlarida, birinchi navbatda, yangi koronavirus tarqalishining markaziga aylangan Xubeyda o‘tkazilgan klinik kuzatishlar ham tasdiqlamoqda.

Rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, Xubey provinsiyasida koronavirusga chalingan bemorlarning 91,6 foizi va mamlakat bo‘ylab esa ularning 92,4 foizini sog‘ayishida aynan anʼanaviy xitoy tabobati ham alohida ahamiyat kasb etgan.

– Eng qizig‘i, koronavirusga qarshi kurashish uchun Uxan shahriga 42 ming nafar xitoy xalq tabobati vakillari safarbar qilingan bo‘lsa, ularning birontasi ham infeksiyani yuqtirib olmadi, – deydi Xitoy “Beizhong Yilin Pharm Tech (Beijing) Co. Ltd.” farmatsevtika kompaniyasi prezidenti Syuejun Lin. – Buning sababi, birinchidan, himoya vositalaridan to‘g‘ri foydalanishganida bo‘lsa, ikkinchidan, xalq tabobati usulida tayyorlangan dori vositalarini qabul qilganlaridadir. O‘zbekistonda “COVID-19” bilan oldingi saflarda kurashayotgan tibbiyot xodimlari uchun ham ushbu dori vositalarini yetkazib beramiz.

O‘z o‘rnida Syuejun Lin O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov bilan muloqot davomida 4 yo‘nalishda anʼanaviy xitoy tabobati usulida tayyorlangan dori vositalarini qo‘llagan holda koronavirus infeksiyasi bilan kurashishni taklif qildi. Birinchisi – kasallikni profilaktikasida, ikkinchisi – koronavirusni yengil shaklda boshdan o‘tkazayotgan bemorlarni davolashda, uchinchisi – yengil shakldagi bemorlarning holati og‘ir va o‘rta og‘irga o‘tib ketmasligi uchun parvarish qilishda va oxirgisi – “COVID-19”dan sog‘ayganlarni reabilitatsiya qilishda.

Eslatib o‘tamiz, mamlakatimizda “COVID-19” infeksiyasiga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni kengaytirish, bu boradagi jahon tajribasini amaliyotga tatbiq qilish maqsadida yurtboshimiz topshirig‘i bilan shu kunga qadar Xitoy, Rossiya, AQSH, Germaniya, Koreya Respublikasi, Turkiya kabi qator davlatlarning nufuzli mutaxassislari O‘zbekistonga tashrif buyurishgandi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech