O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Xodim profilaktik emlashdan o‘tishni rad etsa ish beruvchi uni ishga qo‘ymaslikka haqli

“COVID-19"ga qarshi kurash bugun tamoman boshqa bosqichga ko‘tarildi, qat’iy tartiblar kundalik odatga aylanib ulgurdi –  karantin, ijtimoiy masofa, niqob taqish... Umuman, koronavirus turmush tarzini keskin o‘zgartirishga majbur qildi: bayramlardan tortib dafn marosimigacha. Endilikda shunisi ayon, insoniyat koronavirus bilan birga yashashga majbur, hali undan butunlay xalos bo‘lish imkoni to‘liq ma’lum emas.

Ayni shunday sharoitda sog‘lom jamiyatni tiklash, virusga qarshi jamoaviy immunitetni shakllantirishning eng optimal yechimi vaksina olish ekanligi allaqachon isbotlandi.

Ilm-fan yutuqlari natijasida yaratilgan vaksinalar jamiyat tomonidan doim ham to‘g‘ri qabul qilinmayapti. Bunday vaziyatda hukumatlar tomonidan yuqori xavf ostida bo‘lgan ijtimoiy guruhlarni majuriy vaksina qilish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, Avstraliyada joriy yil iyun oyini oxirida karantinli mehmonxonalarda keksa yoshdagi ishchilar va xizmatchilar uchun COVID-19 vaksinasi bilan emlash majburiy qilindi. Tokioga boradigan parolimpiya sportchilari uchun emlanish majburiy qilingan.

Angliyada esa oktabr oyidan boshlab “Qariyalar uyi” ishchilari uchun koronavirusga qarshi emlash majburiy bo‘ladi.

2021 yil 12 iyuldan Fransiyada barcha sog‘liqni saqlash xodimlari, kinoteatrga boradiganlar yoki poyezddan foylananmoqchi bo‘lganlar emlanganligi to‘g‘risida hujjatni yoki kovidga chalinmaganligi bo‘yicha salbiy test natijasini ko‘rsatishi shart.

Qo‘shni Qozog‘istonda 2021 yil iyun oyidan 20 dan ortiq sohada ishlaydigan odamlar majburiy emlangan, emlashdan bosh tortganlarda haftalik sinovlar o‘tkazilgan.

Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida qator choralar ko‘rilmoqda.

Joriy yilning 2 avgustida Prezident tomonidan imzolangan Qonun bilan Mehnat kodeksiga xodim karantinli va yuqumli kasalliklar tahdidi bo‘lganda profilaktik emlashdan o‘tishni rad etsa (qarshi ko‘rsatma mavjud bo‘lmaganda) ish beruvchi uni ishga qo‘ymaslikka haqli ekanligiga oid ko‘shimcha kiritildi.

Shuningdek, “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra karantinli va xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi tahdidi bo‘lganda Bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida aholini profilaktik emlashdan o‘tkazish joriy etilishi mumkin.

Ushbu normalarning belgilanishidan asosiy maqsad koronavirusga qarshi vaksina olishni kengaytirish orqali jamoaviy immunitetni hosil qilishdan iborat.

“COVID-19”ga qarshi emlaning hamda o‘zingiz, oila a’zolaringiz va jamiyat salomatligini asrang!

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech