O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Yangi tahrirdagi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga davlat xaridlari sohasida masʼuliyatni oshirish va korrupsiyani bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonuni talablarini, shu jumladan, xarid qilish tartib-taomillari turlarini belgilash va ijrochini tanlash shartlarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish vazifasi yuklatilgan.

Shuningdek, mazkur farmonda davlat xaridlari doirasida tuzilgan shartnomalarni majburiy ravishda eʼlon qilish, davlat xaridlarini tanlov va tender savdolari orqali zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshirish tartibini joriy etish zarurligi belgilangan.

Shu munosabat bilan, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi ishlab chiqildi va ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmatining xabar berishicha, loyihada davlat xaridlari sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish, xususan, davlat xaridlarining ochiq va shaffof hamda samarali tizimini yaratish orqali korrupsiyaning oldini olish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, loyihada korrupsion omillar, huquqni tartibga solishdagi bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida “benefitsiar”, “davlat xaridlarining ijrochisi”, “dastlabki malaka tanlovi”,  “zaxira g‘olibi, “ixtisoslashgan tashkilot”, “manfaatlar to‘qnashuvi”, “xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisining affillangan shaxsi” kabi  tushunchalarga taʼriflar berildi va mazmunan kengaytirildi.

Korrupsiyaning oldini olish nuqtai nazaridan oshkoralik, raqobat va qarorlarni qabul qilishning xolisona mezonlariga asoslanadigan xarid tizimlarini yaratish uchun xarid eʼlonlari va tuzilgan shartnomalarni davlat xaridlari portaliga joylashtirish, jamoatchilikka oshkor qilish hamda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga yetarli shart-sharoitlar yaratishga eʼtibor qaratilgan.

Xaridlarda savdo g‘oliblarini tanlash va qarorlarni qabul qilish mezonlarini hamda ishtirok etish shartlarini belgilash shartlari oldindan ochiq eʼlon qilinishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Eng yaxshi takliflarni tanlash, tender jarayonlarini elektron shaklga o‘tkazish korrupsiyaning oldini olishda shaffoflik va ochiqlikni taʼminlashga yordam berib, inson omilini kamaytiradi hamda ushbu jarayonlarni monitoring qilishni osonlashtiradi.

Bundan tashqari, davlat xaridlari jarayonida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan cheklovlar, yaʼni ishtirokchilarning yaqin qarindoshlari ijrochini tanlash bo‘yicha qaror qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan taqdirda ishtirokchini davlat xaridlarida ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmasligi aks ettirilgan. Bundan tashqari davlat xaridlari o‘tkazilishi to‘g‘risidagi eʼlonning matniga ishtirokchilar o‘rtasida raqobatni cheklaydigan talablarni kiritishga taqiq qo‘yilgan.

Davlat xaridlari doirasida tuzilgan barcha shartnomalar to‘g‘risida maʼlumotlarni jamlash yagona reyestr orqali amalga oshirilishi haqidagi tartib ham belgilanmoqda. Shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzilganligi to‘g‘risidagi axborot davlat xaridlarining elektron tizimida joylashtirilmagan bo‘lsa, ushbu shartnomalar bo‘yicha to‘lovlar amalga oshirilmaydi. Bu o‘z navbatida, shartnomalarni ochiqligini taʼminlaydi va jamoatchilik monitoringini o‘tkazishga imkon yaratadi.

“Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri kelgusida tadbirkorlar orasida halol raqobat muhitini yaratishga, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashga, jamoatchilik nazoratini kuchaytirib, korrupsiyaning oldini olishga xizmat qiladi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech