O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

2020 yil 1 sentyabrdan boshlab, tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida «Tibbiy-profilaktika va jamoat salomatligi» fakulteti tashkil etiladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi yangi farmonni imzoladi.

Sanitariya-epidemiologiya xizmati tashkil etilayotganligi munosabati bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va ularning hududiy bo‘linmalari tugatiladi;

Sanitariya-epidemiologiya xizmati va uning hududiy bo‘linmalari — tegishincha Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi, shuningdek ularning hududiy bo‘linmalari huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorislari hisoblanadi.

2020 yil 1 sentyabrdan boshlab sanitariya-epidemiologiya va jamoat salomatligi sohasida bakalavriat va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida «Tibbiy-profilaktika va jamoat salomatligi» fakulteti tashkil etiladi;

Sog‘liqni saqlash vazirligi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda:

➖ bir oy muddatda tegishli tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida «Tibbiy-profilaktika va jamoat salomatligi» fakulteti faoliyatini tashkil etish bo‘yicha zarur choralarni ko‘radi; (hal etiladigan masala: Bugungi kunda 11 ta tibbiyot oliy taʼlim muassasasi faoliyat olib borib, ularning ayrimlarida «Tibbiy profilaktika» fakulteti mavjud. Ushbu fakultetda dars mashg‘ulotlari va amaliyot asosan davolashga (ixtisoslashtirilgan yordamga) yo‘naltirilgan. Tibbiy profilaktika va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish ishlari samaradorligini oshirish maqsadida (alohida qaror asosida) tuman-shahar markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikalarida tibbiyot maʼlumotiga ega bo‘lgan valeolog, tibbiy psixolog, nutritsiolog, diyetolog, farmakolog, kineziolog, reabilitolog, profpatolog lavozimlarini kiritish rejalashtirilmoqda)

➖ 2021 yil 1 yanvarga qadar tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida xalqaro reytinglarga kiruvchi nufuzli xorijiy tibbiyot taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma taʼlim dasturlari asosida sanitariya-gigiyena va epidemiologiya hamda mikrobiologiya yo‘nalishidagi filiallar, shuningdek xalqaro fakultetlar ochilishini taʼminlaydi.

➖ Vazirlar Mahkamasi 2020 yil 1 noyabrga qadar sodir bo‘lgan favqulodda hodisa, tabiiy ofatlar, pandemiya davrida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va orttirilgan tajribadan kelib chiqib, «Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida»gi va «Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonunlarni yangi tahrirda ishlab chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritadi;

Bunda, loyihalarda yuqumli va parazitar kasalliklarning paydo bo‘lishi va tarqalishi, tabiiy yoki texnogen xususiyatga ega ofatlar sodir bo‘lishi xavfi yuzaga kelgan sharoitda aholining xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha masʼul tashkilotlarning o‘zaro hamkorligi bo‘yicha batafsil «harakatlar algoritmi» va amalga oshirilishi lozim bo‘lgan kompleks chora-tadbirlar nazarda tutiladi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech