O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

2021 yil 1 yanvardan tibbiy buyumlar ishlab chiqarish uchun litsenziya bekor qilinadi. Lekin...

2021 yil 1 yanvardan tibbiy buyumlar ishlab chiqarish va ulgurji sotish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar uchun litsenziya olish tartibi bekor qilinadi. U holda dori vositalari yoki tibbiy buyumlar sifati qanday kafolatlanadi?

25 avgust kuni AOKAdagi matbuot anjumanida Adliya vazirligi masʼul xodimi Dilshod Shodiyev mazkur savolga javob berdi.

«Litsenziyalashdan tashqari yana qanaqangi tartibga solish usullari bor ekan, degan savol paydo bo‘ladi. Buni aynan tibbiy buyumlar misolida ko‘radigan bo‘lsak, bilamizki, tibbiy buyumlarning asosiy qismi davlatning bir nechta tashkilotlarida nazoratdan o‘tkaziladi.

Deylik, tadbirkor shunday buyumlarni ishlab chiqardi. So‘ng SSV huzuridagi Farmatsevtikani rivojlantirish agentligidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak. Bu jarayon oson emas. Unga 3 oydan 6 oygacha vaqt ketadi. To‘g‘ri ishlab chiqarganmi-yo‘qmi, aniqlanib, ro‘yxatga olinadi. Tibbiy buyumdan foydalanish mumkinligi to‘g‘risida xulosa beriladi. Bu tartib saqlanib qoladi.

Keyin “O‘zstandart” bor. Undan ham o‘tiladi. Farmonda texnik tartibga solish ham hisobga olingan, albatta. Nimalarga rioya qilinishi kerakligi hammasi belgilangan.

Avvallari tadbirkor shuncha tashkilot nazoratidan o‘tib, keyin litsenziya olish uchun murojaat qilar edi. Bu organlar tekshiruvning barcha qismini qamrab olgani uchun biz litsenziyani bekor qilishga qaror qildik. Lekin xavfsizlik talablari doimiy nazoratda bo‘ladi» – dedi Dilshod Shodiyev.

Eslatib o‘tamiz, 24 avgust kuni «Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni eʼlon qilindi. Unga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan 78 turdagi faoliyat bilan litsenziya yoki ruxsatnoma olmasdan turib shug‘ullanishga ruxsat beriladi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech