O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

2021 yilda qancha qo‘shimcha dam olish kunlari bo‘lishi aniq bo‘ldi

Prezidentning 3.12.2020 yildagi “2021 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi PF-6122-son Farmoni qabul qilindi.

Hujjatga asosan kelasi yilda:

a) 2 va 3 sentyabr – tegishincha payshanba va juma kunlari qo‘shimcha dam olish kunlari belgilanadi;
b) dam olish kuni 27 mart shanba kunidan 22 mart dushanba kuniga ko‘chiriladi;
v) 2 yanvar shanba, 20 mart shanba, 22 mart dushanba va 4 sentyabr shanba kunlari barcha xodimlar uchun ish haftasining turidan qatʼi nazar, dam olish kunlari hisoblanadi.

Byudjet tashkilotlarida qo‘shimcha dam olish kunlari har yilgi mehnat taʼtilining davomiyligini 2 ish kuniga qisqartirish hisobiga qoplanadi. “Taʼtil puli”ni aniqlashda har yillik mehnat taʼtilining amaldagi davomiyligi hisobga olinadi, unga qo‘shimcha dam olish kunlari qo‘shiladi. Har yillik mehnat taʼtilining davomiyligi qisqartirish hisobga olingan holda 15 ish kunidan kam bo‘lmasligi kerak.

Xususiy tashkilotlarda Farmonda nazarda tutilgan qo‘shimcha dam olish kunlari mehnat taʼtiliga qo‘shimcha boshqa kunlar bilan bir qatorda moliyaviy imkoniyatlardan kelib chiqqan holda, jamoa shartnomalari yoki ish beruvchilar tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitalari bilan kelishib qabul qilinadigan boshqa lokal hujjatlarda belgilanadi. 

Bayram (ishlanmaydigan) kunlarining uzaytirilishini hisobga olgan holda, aholi uchun ichki turizm va faol dam olish yo‘nalishlarini, transport va mehmonxona xizmatlari uchun chegirmalar berilishini hamda aksiyalar o‘tkazilishini tashkil etish topshirildi.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 3.12.2020 yildan kuchga kirdi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech