O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

40 yoshgacha bo’lgan rahbarlarning yillik Top-40 reytingi shakllantirildi. Ro'yxatda agentlik direktori Sardor Kariyev ham bor

Davlat va jamiyat boshqaruvida transformatsiya jarayoni nafaqat tizimning o‘zini isloh qilishni, balki strategik sohalarga yosh, ilg’or fikrlovchi va malakali kadrlarni jalb qilishni talab etadi.

So‘nggi bir necha yil mobaynida O’zbekistonning vazirlik va idoralarida mas’uliyatli lavozimlarga ko‘plab yosh rahbarlar tayinlandi. Ularning aksariyati xorijda ta’lim olgan, amaliy ish tajribasiga ega va o‘zini namoyon etishga muvaffaq bo‘lishdi. Vazirliklar rahbariyati tarkibi tubdan yangilandi. Bugungi kunda 24 nafar vazirdan 10 nafari (42 %i) — 40 yoshdan 45 yoshgacha, 4 nafari (17 %i) — 46 yoshdan 50 yoshgacha, uch nafari (12 %i) — 51 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan kadrlarni tashkil qiladi.

Ta’kidlash o‘rinli, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan “Kelajak liderlari” klubi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Klub O‘zbekistonning turli hududlaridan 30 yoshgacha bo‘lgan oliy ta’lim muassasalarining istiqbolli, tashabbuskor talabalarni, davlat xizmatchilarini birlashtiradi. Ular uchun ijtimoiy dasturlar doirasida mavzuli o‘quv kurslari, mahorat darslari va treninglar tashkil etilmoqda. Klub a’zolari orasidan davlat xizmati uchun zaxira kadrlar shakllantirilib, rahbarlik lavozimlariga tavsiya etiladi.

“Yuksalish” umummilliy harakati Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti bilan hamkorlikda 2019-yildan buyon va 2020-yil O‘zbekistonning 40 yoshgacha bo‘lgan istiqbolli yosh rahbar kadrlari reytingini e’lon qilib kelmoqda. Yil sayin nomzodlar ro‘yxati kengayib, yangi nomlar bilan to‘lib bormoqda. Bu yilgisi ham bundan mustasno emas. Dastlabki ro‘yxatda turli darajadagi yuzdan ziyod boshqaruvchilar o‘rin olgandi. Yakuniy reytingni shakllantirish ikki bosqichda amalga oshirildi.

Birinchi bosqichda fuqarolik jamiyati, tahlil markazlari va OAV vakillaridan iborat ekspertlar yosh rahbarlarning o‘z sohalarida strategik maqsad va natijalarga erishganlik bo‘yicha faoliyatini baholashdi. Bunda nomzodlarning ma’lumoti, rahbar sifatida jamoatchilik orasida tanilganligi, ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi, islohotlar jarayonidagi ishtiroki va ta’sir darajasi hamda shaxsiy va kasbiy yutuqlari inobatga olindi.

Ikkinchi bosqichda turli soha ekspertlarining ovozi to‘plandi. Yakuniy bosqichga o‘tgan 60 dan ziyod nomzodlar orasidan eng ko‘p ovoz olgan 40 yoshgacha bo‘lgan eng yaxshi 40 nafar rahbar tanlab olindi.

Qayd etish kerak, ekspertlar ovoz berish jarayonida dastlabki ro‘yxatda bo’lmagan boshqa nomzodlarni ham taklif etishdi. Ularning ayrimlari yakuniy ro’yxatga kiritildi.

Fuqarolik jamiyati institutlari vakillari talqiniga ko‘ra eng yaxshi yosh rahbar Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg’armasining ijrochi direktori Gayane Umerova bo’ldi. Jurnalist va blogerlar Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev faoliyatini yuqori baholashdi. “Aql markazlari” vakillari esa istiqbolli rahbar sifatida IT Park direktori Farhod Ibrohimovni tanlashdi. Shuningdek, ekspertlar yangi tayinlangan xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidovga katta umid bildirdi. Ularning fikricha, 2022-yilda ta’lim sohasida tub islohotlar bo’lishi kutilmoqda.

Bu yilgi reytingga birinchi marta kiritilgan nomzodlar:

▪️ Abat Fayzullayev, O‘zbekistonning Avstriyadagi elchisi;
▪️ Abatbay Daniyarov, Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o’rinbosari;
▪️ Baxtiyor Saidov, xalq taʼlimi vaziri;
▪️ Baxtiyor Mustafoyev, Markaziy Osiyo instituti direktori oʻrinbosari;
▪️ Bobur Abdullayev, Toshkent shahridagi Amiti universiteti rektori;
▪️ Durdona Rahimova, Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari;
▪️ Elbek Shukurov, Sergeli tumani hokimi;
▪️ Iroda Toʻlaganova, Tennis federatsiyasi bosh kotibi;
▪️ Jamshid Egamberdiyev, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri oʻrinbosari;
▪️ Milana Xaitova, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruvi aʼzosi;
▪️ Odiljon Tojiyev, Qonunchilik palatasi spikeri oʻrinbosari;
▪️ Qurbon Tursunov, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri oʻrinbosari;
▪️ Saidqahhor Xolxoʻjayev, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirining birinchi oʻrinbosari;
▪️ Umid Shodiyev, Oʻzbekistonning YUNESKOdagi elchisi;
▪️ Xushnud Xudoyberdiyev, OʻzA bosh direktorining oʻrinbosari;
▪️ Yusuf Absoatov, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari.

Qayd etish kerak Farmatsevtika tarmog'ini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariev bu yil ham TOP-40 reytingdan o'rin egalladi.

Bugungi raqamlashtirish davrida davlat xizmatiga yosh kadrlarni jalb etish masalasi dolzarb vazifalardan bo‘lib turibdi. Bu, ayniqsa, aholisining qariyb 18 million nafari yoshlarni tashkil etadigan O‘zbekiston voqeligida ahamiyatlidir. Kelgusi o‘n yil ichida mehnatga layoqatli aholi soni yana 12 foizga oshishi kutilmoqda. Yosh kadrlarni rahbarlik lavozimlariga ilgari surish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash turli sohalarda innovatsiyalarni joriy etishga, boshqaruvda yangicha yondashishga va zamonaviy usullarni qo‘llashga keng imkon yaratadi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech