O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

50 million so‘mlik 482 quti dori vositalarining noqonuniy “oldi-sotdi”siga chek qo‘yildi

Sifati kafolatlanmagan dori vositalari va tibbiy buyumlarni noqonuniy tarzda saqlash, tarqatish va ularning yashirin savdosiga qarshi bojxona organlari tomonidan tizimli ravishda kurash olib borilmoqda.

Xususan, “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Chilonzor tumanidagi avtoturargohlarning birida dori vositalarining noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Tadbir davomida fuqaro M.A. o‘z boshqaruvidagi “Neksiya-2” rusumli avtotransport vositasida shartli xaridorga 278 quti “Midokalm”, 33 quti “Tenvir”, 100 quti “Ursosan” va 71 quti “Dyufaston” nomli dori vositalarini noqonuniy tarzda sotayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan to‘xtatib qolindi.

Qonunbuzardan umumiy qiymati 50 million so‘mlik 482 quti dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi. Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech