O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

«Axborot xizmatlari faoliyati: ochiqlik, tezkorlik va xolislik bosh mezon» mavzusidagi II milliy konferensiya bo‘lib o‘tdi

27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan bugun poytaxtimizdagi «City Palace Hotel Tashkent» mehmonxonasida «Axborot xizmatlari faoliyati: ochiqlik, tezkorlik va xolislik bosh mezon» mavzusidagi II milliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Avval xabar berilganidek, tadbirda Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari — Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev, O‘zbekiston milliy media assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori Nozima Davletova, shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov, Senat qo‘mita raisi o‘rinbosari Farhod Boqiyev, Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova, Jurnalistlar uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov va boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.

Konferensiyada so‘zga chiqqanlar keyingi besh yilda mamlakatimizda butkul yangi — davlat idoralari va tashkilotlarining matbuot kotiblari instituti shakllangani, sohada hozirga qadar amalga oshirilgan ishlar, kelgusi rejalar, bugungi kunda eʼtibor qaratilishi lozim bo‘lgan dolzarb masalalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Xususan, Prezident matbuot kotibi Sh.Asadov mamlakatimizda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash borasida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan katta qadam tashlanganini eʼtirof etdi:

«Media makonda axborot xizmatlarining roli kuchaydi, tanqidiy materiallarga uzog‘i bilan 2-3 soatda rasmiy munosabat bildirilyapti, rahbarlarning ommaviy axborot vositalarida chiqishlari ko‘paydi. Ushbu natijalar uchun faol va chin dildan mehnat qilayotgan barcha matbuot kotiblariga minnatdorlik bildiraman.

Bugun O‘zbekistonda so‘z erkinligi, davlat organlarining ochiqligi, har qanday dolzarb masala yuzasidan maʼlumot olishning osonlashgani — mana shu islohotlarning natijasidir. Buni amalga oshirishda, albatta, sizlarning o‘rningiz beqiyos.

Shu bois oldimizda turgan juda katta vazifalarni chuqur his qilib, o‘zingiz masʼul bo‘lgan sohaning ochiqligini taʼminlashda faollik ko‘rsatishingizga ishonaman», — dedi Sh.Asadov.

AOKA direktori A.Xodjayev axborot xizmatlari faoliyatini yana-da takomillashtirish, o‘zlari ishlayotgan tashkilotning ochiqligini taʼminlash va islohotlar natijasini aholiga yetkazishdagi rolini kuchaytirish zarurligini taʼkidladi. Shuningdek, yaqinda qabul qilingan «Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoniga asosan matbuot kotiblarining baholash reytingidagi natijalar davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini baholashda inobatga olinishini, bu ularga jiddiy masʼuliyat yuklashini qayd etdi.

«O‘tgan uch yilda jami 973 nafar matbuot kotibligiga nomzodlar suhbatdan o‘tkazilib, lavozimga tayinlandi. Shu davr ichida 951 nafar matbuot kotibi attestatsiyadan qilindi, ularning faoliyati har 6 oyda tasdiqlangan mezonlar asosida baholab kelinmoqda», — dedi AOKA rahbari.

Anjumanda matbuot kotiblari axborot makonidagi dolzarb vazifalar yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirdi. Tadbir ishtirokchilari davlat organlari ochiqligi va shaffofligini oshirishga qaratilgan farmon va qarorlar ijrosini sarhisob qilib, vazirlik va idoralarning ijobiy tajribasini ommalashtirish, kamchiliklarni bartaraf etish masalalarini muhokama qilishdi.

Konferensiyada Agentlik tashabbusi bilan davlat organlari mansabdor shaxslari va xizmatchilari uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar qo‘llanmasi ham taqdimot qilindi va barcha qatnashchilarga tarqatildi. 

Tadbir doirasida, shuningdek, mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni sohalar kesimida xalqimizga yetkazishdagi faolligi, o‘tgan va joriy yildagi yuqori samarali faoliyati uchun bir guruh matbuot kotiblariga jumladan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi matbuot kotibi Qizlarxon Begmatovaga Prezident matbuot xizmati va AOKA tomonidan tashakkurnoma topshirildi.

www.aoka.uz

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech