O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Xorazm viloyatida sohada amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan loyihalar holati bilan tanishildi

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Egamov sohada amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan loyihalar holati bilan tanishish maqsadida Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi.   

Dastavval tabletka, kapsula va sashe ko‘rinishidagi dori vositalarini ishlab chiqarayotgan “Jayxun Invest” MCHJni ko‘zdan kechirgan U.Egamov  qiymati 12 mlrd.so‘mlik bir martalik shpris va infuzion sistemalar ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishdi. Mazkur loyiha 2022-2024 yillarda amalga oshirilishi kutilmoqda. 

Keyingi manzil “OKS MASSAGET” MCHJ bo‘ldi. Galen preparatlariga ixtisoslashgan mazkur korxona bugungi kunda 13 turdagi dori vositalarini ishlab chiqarmoqda. Bu korxona tomonidan qiymati 27,5 mlrd.so‘m bo‘lgan bir martalik shpris (2,0 ml. - 50,0 ml.) va sistemalarni ishlab chiqarish loyihasining 2022-2024 yillarda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

“Imkoniyat sahovat” MCHJni borib ko‘rgan direktorning birinchi o‘rinbosari yillik ishlab chiqarish hajmi 49,8mlrd.so‘mni tashkil qiluvchi loyiha bilan tanishdi. Aytish darkorki, umumiy qiymati 45,36 mlrd.so‘m (shundan: 15,12 mlrd.so‘m – o‘z mablag‘i; 30,24mlrd.so‘m – bank krediti) bo‘lgan  “Infuzion eritmalar, tabletka va kapsula shaklidagi dori vositalarini ishlab chiqarish” loyihasi 2022 yilning dekabr oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Buning natijasida esa 100 nafar yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda. 

O‘rganib chiqilgan yana bir loyiha “Urganch DVTBTTES” SHK tomonidan 2023 yilning avgust oyida ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan “Laboratoriya binosini qurish va modernizatsiya qilish” loyihasi bo‘ldi. Umumiy qiymati 20,4 mlrd.so‘m bo‘lgan ushbu loyiha amalga oshirilishi natijasida yiliga 6 mingta laborator tahlillar o‘tkazilib, dori vositalari va tibbiy buyumlarga muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirish imkoni tug‘iladi. Shuningdek, 15 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ham kutilmoqda. 

So‘nggi manzil 4 turdagi tibbiy buyumlar, 16 turdagi biologik faol qo‘shimchalar va 4 turdagi gigiyena vositalari ishlab chiqaruvchi “HVARA” MCHJ bo‘ldi. Mazkur korxona tomonidan 2022-2024 yillarda qiymati 27,5 mlrd.so‘m bo‘lgan tomchi va sprey, sham, surtma va antibiotik kukun ko‘rinishidagi dori vositalarini ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech