O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Abu Ali ibn Sino shaxsiyati, boy ilmiy merosi oʻrganilmoqda

Oʻzbekiston-Eron oʻrtasidagi munosabatlar va ilmiy-amaliy hamkorlik yanada rivojlanmoqdi. Jumladan, 2022-yilda Samarqandda Oʻzbekistonning “Ibn Sino” jamoat fondi va Eronning Abu Ali ibn Sino nomidagi ilmiy-madaniy jamgʻarmasi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi.

Memorandumda birgalikda Abu Ali ibn Sino asarlari va merosini oʻrganish, ikki mamlakat hududida keng koʻlamli tadbirlarni oʻtkazish boʻyicha Oʻzbekiston va Eron oʻrtasida xalqaro ilmiy madaniy hamkorlik qilish koʻzda tutilgan.

Oʻz navbatida “Ibn Sino” jamoat fondi xalqaro maydonda ilmiy tadqiqot institutlari va eronlik olimlar oʻrtasida aloqalarni yoʻlga qoʻyish, kutubxonalardan hamda asl qoʻlyozmalardan foydalanish, nusxa olish, lingvistika tarjimalari va ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkillashtirish, Abu Ali ibn Sino shaxsiyati, merosi, uning dafn qilingan joyi toʻgʻrisida hujjatli film suratga olish maqsadida Eronga birinchi ilmiy ekspeditsiya tashkil etildi.

Fond tomonidan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, Madaniy meros agentligi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti va MTRK vakillaridan iborat 10 nafar olim va mutaxassislar guruhi shakllantirildi.

Birinchi ilmiy ekspeditsiya “Ibn Sino” jamoat fondi, Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirligi va Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi tomonidan tashkillashtirildi.

Natijada mamlakatimizning rasmiy delegatsiyasi Tehronga tashrif buyurdi.

Dastlab Oʻzbekiston Respublikasining Eron Islom Respublikasidagi elchixonasida amaliy uchrashuv tashkil etildi. Unda Abu Ali ibn Sinoning boy ilmiy-madaniy merosini oʻrganish boʻyicha birinchi ilmiy ekspeditsiya masalalari muhokama qilindi.

Shundan soʻng delegatsiya aʼzolari Eron Milliy kutubxonasiga tashrif buyurdi. Bu yerda davra suhbati boʻlib oʻtdi. Mamlakatimiz delegatsiyasi noyob va asl qoʻlyozmalar saqlanadigan maxsus kutubxona boʻlimi bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif doirasida ilmiy xodimlar Isfaxon universitetida ham boʻldi. U yerda universitet rahbariyati va mutaxassislari, Eron Tashqi ishlar vazirligi vakillari, Ibn Sino merosini oʻrganuvchi olimlar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.

Isfaxon universitetiga “Ibn Sino” jamoat fondining Abu Ali ibn Sino mukofoti va esdalik sovgʻasi topshirildi. Shuningdek, tashrif doirasida delegatsiya vakillari Abu Ali ibn Sino nomidagi Hamadon universiteti, Madaniy meros markazi hamda Abu Ali ibn Sino dafn etilgan majmuada ham boʻldilar.

Shundan soʻng mazkur majmua hududida joylashgan muzey, kutubxona va Eron jamgʻarmasi bilan tanishildi.

Ekspeditsiya doirasida Ali ibn Sino nomidagi ilmiy-madaniy jamgʻarmaga tashrif ham tashkillashtirildi. Unda birinchi ekspeditsiyaning faoliyati yakunlari sarhisob qilindi.

“Ibn Sino” jamoat fondi Oʻzbekiston va Eron oʻrtasidagi ilmiy-madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida joriy yil oktyabr oyida Buxoro shahrida “Abu Ali ibn Sino va Sivilizatsiya” mavzuida XII xalqaro ilmiy-amaliy anjumanni oʻtkazish tashabbusi bilan chiqdi.

Eslatib oʻtamiz, “Ibn Sino” jamoat fondi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 6-yanvarda qabul qilingan farmoni asosida tashkil etilgan boʻlib, soʻnggi 5 yilda mamlakatimizning 8 ta va 15 ta xorijiy mukofotga sazovor boʻlgan.

Ekspeditsiya faoliyatiga oid lavhalarga quyidagi videoda guvoh boʻlishingiz mumkin.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech