O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Mutaxassis tavsiyasi: Qanday dori vositalarini och qoringa ichish mumkin emas?

Maʼlumki, dori preparatlari taʼsir etish xususiyatiga ko‘ra turli vaqtlarda ichiladi. Bu haqda yo‘riqnomada aniq ko‘rsatma beriladi. Masalan:

➖ Ovqatlayotganda ovqat hazm qilish jarayonini yaxshilovchi preparatlar (festal, enzistal, pepsin)ni qabul qilish mumkin;

➖ Ovqatlanib bo‘lgach, yarim soatdan so‘ngina bosh og‘rig‘iga qarshi og‘riqsizlantiruvchi, siydik haydovchi, isitma tushiruvchi, yurak faoliyati uchun glikozidlar, shamollash va yallig‘lanishga qarshi hamda antibakterial taʼsirga ega dorilar ichiladi;

Ovqatdan oldin ichiladigan turlari belgilangan soatiga ko‘ra:

➖ tanovuldan 1 soat oldin — probiotiklar (lineks, xilak-forte); yarim soat avval — antatsid guruhiga mansub preparatlar, meʼda va o‘n ikki barmoq ichak yarasiga ichiladigan dorilar;

➖ taomlanishdan 30-40 daqiqa ilgari — diareyaga qarshi preparatlar, kalsiy, tetratsiklin guruhiga oid dori vositalarini qabul qilish mumkin.

❗️ Achchiq va til tagiga tashlab ichiladigan dorilarni esa och qoringa ichib bo‘lmaydi;

Agar dori preparati yo‘riqnomasida qabul qilish vaqti ko‘rsatilmagan bo‘lsa, uni kunning istalgan qismida ichishingiz mumkin. Eng maʼquli, ovqatdan 30-40 daqiqa oldin qabul qilishdir.

Ertalab, tushlikda yoki kechqurun...

Yo‘riqnomada preparat uch mahal ichilishi kerakligi qayd etilsa, har bir qabul qilish vaqtining oralig‘i sakkiz soatdan kam bo‘lmasligi nazarda tutiladi. Agar bir necha turdagi dorini bir vaqtda ichish zarurati tug‘ilsa, oraliq vaqt 15 daqiqadan kam bo‘lmasligi lozim.

Uyqudan oldin

Tinchlantiruvchi xususiyatga ega dori preparatlari va tomchilari, tomoq og‘riqlarining allergik turlarida yo‘tal qo‘zg‘alishiga qarshi hamda astma holatlarida, meʼda va o‘n ikki barmoqli ichak yaralarida och qoringa bo‘ladigan og‘riq xurujlarining oldini olishda uxlashdan 15-20 daqiqa avval kerakli dori preparatini qabul qilish mumkin. Shuningdek, bavosilni davolashda qo‘llaniluvchi shamchalar ham tungi vaqtga tavsiya etiladi.

Mumkin emas!

Balg‘am ko‘chiruvchi va quvvatni oshiruvchi dorilarni uyqudan avval ichish taqiqlanadi. Bu turdagi preparatlarni iloji boricha kunning birinchi yarmida qabul qilgan maʼqul.

Surgi dorilar-chi?

Bu turdagi dori vositalari qabul qilinganidan so‘ng 6-8 soatdan keyin bemorga taʼsir qiladi. Ichayotganda shu jihatini hisobga oling. Yo‘qsa, tungi bezovtaliklar yuz berishi mumkin.

Vaqtini unutgan bo‘lsangiz...

1-2 soatga kechiksangiz, zarari yo‘q. Dorini odatdagidek ichishingiz mumkin. Mabodo qabul qilish vaqti 2-3 soatdan o‘tib ketgan bo‘lsa, belgilangan vaqtga qadar ichmay turing. Baʼzilar «Kunduz kuni ichish esimdan chiqibdi», deya kechki payt birato‘la ikki hissa dori qabul qilishadi. Bu noto‘g‘ri! Zero ko‘paytirilgan miqdordagi preparatning organizmga nojo‘ya taʼsiri bo‘lishi mumkin.

Farmatsevtika fanlari nomzodi,
dosent Muattar Xo‘jayeva

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech