O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Andijonda dori-darmon yetishmaydi degan mish-mishlar yolg‘on bo‘lib chiqdi

Ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus pandemiyasi tufayli Andijonda ayrim dori mahsulotlariga talab ortib, narxi keskin oshib ketayotganligi haqida maʼlumotlar, aholi o‘rtasida esa mish-mishlar tarqalgan. 

Aslida viloyatda bu borada haqiqiy holat qanday?   Mutasaddilarning maʼlum qilishicha, aholining sarosimaga solishga qaratilgan bu kabi mish-mishlarga hech qanday asos yo‘q. Bugungi kunda mamlakatimizning aholisi eng zich joylashgan Andijon viloyatida 16 ta ulgurji dori ombori, 1 ming 245 ta dorixona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda aholi uchun zarur barcha turdagi dorilar zaxirasi yaratilgan. Bundan tashqari, viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan «Makro farm Andijan», «Grand farm treyd» singari korxonalar tomonidan ko‘plab turdagi dori-darmonlar, zarur tibbiy vositalari ishlab chiqarilmoqda. Pandemiya sharoitida viloyatdagi dorixonalarda dori vositalari va tibbiy buyumlar taqchilligi va narxlarining asossiz oshirilishi Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasining qatʼiy nazoratida. Bu borada doimiy nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda, keng jamoatchilik fikr-mulohazalari o‘rganib borilmoqda.   Dori vositalari hamda narx-navosi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha murojaat qilish uchun barcha dorixonalarga ishonch telefonlari raqamlari yozilgan plakatlar o‘rnatilgan bo‘lib, fuqarolar bu boradagi salbiy holatlar yuzasidan istalgan paytda murojaat qilishlari mumkin.

– Viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda 1 ming 245 ta dorixonada dori vositalari zaxiralari mavjudligi o‘rganib chiqildi va dori-darmonga ehtiyoji bo‘lgan 251 ta dorixona ulgurji dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan savdo qiluvchi yirik korxonalarga biriktirildi, – deydi departament viloyat boshqarmasi katta inspektori I.G‘oziboyev. – Shuningdek, o‘rganish jarayonida aylanma mablag‘ga ehtiyoji bo‘lgan 134 ta dorixona uchun 4 milliard 309 million so‘m pul mablag‘i ajratish masalasi tijorat banklariga ko‘rib chiqish uchun taqdim etildi.

Pandemiya hamda joriy etilgan karantindan foydalanib, noqonuniy ravishda dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanayotgan ayrim shaxslarga nisbatan zarur choralar ko‘rilmoqda. Masalan, Departamentning Andijon tumani bo‘limi tomonidan tumandagi huquq-tartibot idoralari vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro N.U. o‘z xonadonida retsepsiz sotilishi taqiqlangan dori vositalari savdosi bilan noqonuniy shug‘ullanib kelayotgani aniqlandi. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, Baliqchi tumani, Omonariq mahallasida yashovchi fuqaro N.J.ning o‘z xonadonida noqonuniy dorixona tashkil qilgani aniqlandi. Huquqbuzarga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Bu kabi salbiy holatlar zudlik bilan bartaraf etilmoqda.

Ayni kunda Andijonda qariyb 5 ming bemor uchun yetarli hajmda uch oyga mo‘ljallangan 49 nomdagi dori vositalari zaxirasi yaratilgan. Shu bois, dori vositalari taqchilligi yuzaga kelishi bilan bog‘liq mish-mishlar umuman, asossizdir.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech