O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Har yili 10 ming nafarga yaqin vrach va farmatsevtlar attestatsiyadan o‘tadi, bu yil hozircha ular 1,5 ming nafar, xolos

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Vrachlar va farmatsevtlarga litsenziya berish va attestatsiyadan o‘tkazish respublika markazi direktori Ahror Yarqulov bilan suhbat.

— Pandemiya sababli Sog‘liqni saqlash vazirligi va xududiy sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari huzuridagi tibbiyot va farmatsevtika komissiyalari faoliyati to‘xtatilgan edi. 1 oktyabrdan yana yo‘lga qo‘yiladigan bo‘lsa, murojaatlar ham ancha-muncha bo‘lsa kerak...

— Fikringiz to‘g‘ri. Chunki karantin davrida Sog‘liqni saqlash vazirligi va xududiy sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari huzuridagi ixtisoslashtirilgan attestatsiya komissiyalari faoliyati to‘xtatilganligi uchun tibbiyot va farmatsevtika xodimlari xujjatlar topshirish va attestatsiyadan o‘tish imkoniyatini yo‘qotdi.

Shu sababli, ikkinchi malaka toifasi bor 1,5 ming nafarga yaqin mutaxassislar navbatdagi birinchi malaka toifasini olish, shuningdek, birinchi malaka toifasi mavjud bo‘lgan 1 ming nafarga yaqin tibbiyot va farmatsevtika xodimlari navbatdagi oliy malaka toifasini olish imkoniyatidan maxrum bo‘ldi.

Undan tashqari, karantin eʼlon qilingan vaqtdan to hozirgacha bo‘lgan davrgacha yoki o‘tgan 6 oydan ortiqroq muddatda umuman malaka malaka toifasi bo‘lmagan, ammo ish stajiga 5 yil to‘lgan va lozim bo‘lgan ikkinchi malaka toifasini olish istagida bo‘lgan mutaxassislar, shuningdek, tibbiyot oliygohlarini tamomlagan ikkinchi malaka toifasi olish uchun yetarlicha ish stajiga ega bo‘lmagan 400 nafardan ortiq mutaxassislar uchun xususiy tibbiyot muassasalarida ishlash huquqini beruvchi uchinchi malaka toifasini olish imkoniyati ham yo‘qoldi.

Har yili o‘rtacha 10 ming nafarga yaqin mutaxassislar, birinchi yarim yilda esa o‘rtacha 5,5 ming nafarga yaqin vrach va farmatsevtlar attestatsiyadan o‘tib, malaka toifasiga ega bo‘lar edi. 2020 yili esa eʼlon qilingan karantin muddatigacha atigi 1,5 ming nafarga yaqin vrach attestatsiyadan o‘tishga ulgurdi. Shuning uchun ixtisoslashtirilgan attestatsiya komissiyalarining faoliyatini davom ettirishga ruxsat berilgani juda to‘g‘ri bo‘ldi, deb hisoblayman.

— Bu sharoitda karantin talablarini taʼminlash masalasi qanday hal qilinadi?

— Albatta, karantin choralari yumshatilgan bo‘lsa-da, xavfsizlik talablari to‘liq bajarilishi shart ekanligini, nafaqat komissiya aʼzolari, balki attestatsiyadan o‘tuvchi har bir talabgor to‘g‘ri tushunadi va bunga amal qiladi, degan umiddaman. Ixtisoslashtirilgan attestatsiya komissiyalari yig‘ilishlari o‘tadigan tibbiyot muassasalari rahbarlari buning uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berishga masʼul va buning uddasidan chiqadilar, deb o‘ylayman.

Barcha tibbiy ixtisosliklar kesimida attestatsiya o‘tkaziladigan kunlar grafigi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, har hafta shanba kuni alohida yo‘nalishdagi to‘rt turdagi ixtisoslashtirilgan attestatsiya komissiyalari yig‘ilishlari turli joy va manzilda joylashgan ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Xavfsizlikni taʼminlash maqsadida har bir mutaxassisliklar bo‘yicha guruhlar tashkil qilinib, ularning imtixon vaqtlarini turli soatlarda belgilanishini mo‘ljallaganmiz.

Shunday bo‘lsa-da, favqulodda holatlar uchun ham tayyorgarlik ko‘rib qo‘yganmiz. Agar karantin choralari yana qatʼiylashadigan bo‘lsa, ishimizni onlayn tartibda davom ettirish reja va dasturlari ishlab chiqilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayev suhbatlashdi

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech