O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Asadjon Xo‘jayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga direktor etib tayinlandi.

Bugun prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida kengaytirilgan majlis bo‘lib o‘tdi. Majlisda Asadjon Xo‘jayev tashkilotning yangi rahbari sifatida tanishtirilgan.

Asadjon Xo‘jayev 2003–2004 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashi apparatining yetakchi konsultanti, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va axborot xavfsizligini rivojlantirish loyihasi rahbari o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

Asadjon Xo‘jayev 2004–2011 yillarda O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi Bosh direktorining o‘rinbosari, 2011-2012 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi Bosh direktori, 2012-2017 yillarda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori, O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri apparati mudiri bo‘lgan.

U 2017 yilning martidan avgustigacha O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Davlat maslahatchisi o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi prezidenti matbuot xizmati rahbari bo‘lgan. Keyinroq O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimov nomidagi Ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasi rahbarining birinchi o‘rinbosari, 2018 yil avgust oyidan Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini taʼminlashga ko‘maklashish markazi direktori lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. U 2019 yilning noyabrida Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasining boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning yanvarida AOKA direktori v.b. Komil Allamjonov lavozimini tark etgach, o‘tgan vaqt davomida direktorning birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjonov agentlik direktori vazifasini ham bajarib kelayotgandi. Ayni vaqtda u direktorning birinchi o‘rinbosari lavozimini saqlab qolgan.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech