O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Qashqadaryoda dori vositalari uchun 1 foizlik kreditlar ajratiladi

14 iyul kuni davlatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatimizning har bir hududida dori-darmon zaxirasini yaratish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berilgan edi. Hozirda bu ko‘rsatmalar ijrosi yuzasidan joylarda muhim tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Qashqadaryo viloyatida 943 dorixona mavjud. Bugungi pandemiya sharoitida viloyat aholisini sifatli dori-darmon vositalari bilan taʼminlash imkoniyati qay ahvolda? Narxlarning sunʼiy oshishiga yo‘l qo‘yilmayaptimi? Bu kabi savollarga javob topish maqsadida xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat Kengashi deputatlari jamoatchilik masʼullari, huquq-tartibot idoralari vakillari Qarshi shahrida o‘rganishlar olib bordi.

Unda virus va isitmaga qarshi preparatlar narxi asossiz yuqori narxlarda sotilayotgani, ayrim dori-darmonlar zaxirasi umuman yo‘qligi aniqlandi.

– Qarshi shahridagi dorixonalarning ko‘pchiligini ko‘rib chiqdik, – dedi xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashi deputati Sayfulla Mahmatmo‘minov. – Xalqimiz ichida koronavirusning ko‘payib borayotganini inobatga olganda, bizning dorixonalarimiz bunga hali tayyor emasligi ko‘rinib turibdi. Chunki, aksariyat dorixonalarda virusga qarshi ishlatiladigan dorilarni topib bo‘lmaydi, borlarining ham zaxirasi yetarli emas. Uzog‘i bilan bir oyga yetadigan zaxira bor, xolos. 

Koronavirus profilaktikasi va turli infeksiyaga qarshi qo‘llaniladigan dori vositalarining narx-navosini barqarorlashtirish va eng muhimi zaxirasini yaratish bo‘yicha joylarda tushuntirish ishlari olib borildi. Shuningdek, viloyatdagi xususiy klinikalar, shoshilinch tibbiy yordam xizmati va dorixonalar rahbarlariga murojaat qilindi.

– Bir foizlik kredit ajratamiz deyishdi, – dedi tadbirkor Olimjon Allayev. – Bu bizga juda maʼqul bo‘ldi. Nasib qilsa, shu imtiyozli kreditni olib, xalqimiz uchun pandemiyaga qarshi arzon va sifatli dorilarni vaqtida yetkazib berishga harakat qilamiz.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech