O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Qashqadaryo-Surxondaryo viloyatida dorivor o‘simliklar yetishtirish borasidagi muammo va istiqbolli loyihalar

Joriy yilning 22- 25 sentyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Savdo Sanoat palatasining Dorivor va ziravor o‘simlik yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi bosh mutaxassisi Sh.Xikmatov, Surxondaryo viloyat farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘linmasi boshlig‘i Sh.Amanov, Qishloq xo‘jaligi vazirligi dorivor va ziravor o‘simliklarni rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi Sh.Sunnatov, Surxondaryo qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari M.Xo‘jamurotov va yetakchi mutaxassis S. Xurramovlar viloyatdagi umumiy dorivor va ziravor o‘simliklar yetishtirish va qayta ishlash bilan shug‘ullanadigan fermer va tashkilotlarni borib o‘rgandilar.

Dastlab, shanballa, kurkuma va ajgon o‘simliklari ekilgan “Nova farm” MCHJ korxonasining yer maydoni va “Boysun farm” EIZning 12 gektar joyni egallagan plantatsiyalari ko‘zdan kechirildi.  

"Boysun farm" EIZ da joylashgan “Boysun Lano” MCHJning qayta ishlash korxonasida lanolin ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ushbu modda sanoqli davlatlardagina ishlab chiqariladi. Boysun tumanida ham sifatli, arzon lanolin substansiyasini ishlab chiqarish uchun yetarli xomashyo mavjud.

 

Istiqbolli loyihaning umumiy maydoni 2 gektarni egallagan va  umumiy qiymati 22 mlrd 345 mln so‘mni tashkil etadi. Shundan 10 mlrd. 672 mln. 500 ming so‘m mablag‘i korxonaning o‘z mablag‘lari hisobidan hamda 1 mln 90 ming AQSH doll. va 500 mln so‘m qiymatdagi mablag‘ bank krediti hisobidan tashkil qilingan. Yaratilgan ish o‘rni 1-bosqichda 20 ta, 2-bosqichda 25 ta. Yillik ishlab chiqarish quvvati 36 ming tonnani tashkil etadi. Kosmetologiya va farmatsevtikada lanolin deya ataluvchi bu moy – terini yumshatuvchi va yalig‘lanishga qarshi vosita bo‘lib, undan barcha foydalanishi mumkin.

 

Kovrak (Ferula) turkumi selderdoshlar (soyabonguldoshlar)-Apiaceae (Umbliferae) oilasiga mansub bo‘lib ko‘p yillik o‘t o‘simliklardan iborat. Kovrakning yer yuzida 160 dan ziyod turlari, O‘rta Osiyo respublikalarida 104 turi, O‘zbekistonda esa 50 dan ziyod turlari uchraydi. Mahalliy aholi kovrak turkumining har xil turlariga qarab sassiq kovrak, rova, ravshak, kamol, mo‘rcha kamol va boshqa nomlar bilan atashadi. “Surxon dorivor o‘simliklari” f/x 89 gektar maydonda kovrak plantatsiyasini tashkil etilgan. Korxona rahbarlari kelgusida klaster bo‘lish hamda dorivor o‘simlik plantatsiya maydonlarini kengaytirishni maqsad qilib qo‘ygan.

Yana shunisi quvonarliki, “Xomkon Sherobod taraqqiyot” f/x hamda “Ajoyib asr” MCHJ ning 400 gektar maydonlarida ham kavrak plantatsiyasi tashkil etilgan.

Ola o‘t (rastaropsha)ga talab bugun ortib bormoqda. “Angor farm” MCHJ ning qayta ishlash va plantatsiya maydonlari ko‘zdan kechirilganda 8 gektar ola o‘t (rastaropsha) dorivor o‘simligi plantatsiyasi tashkil etilgani aniqlandi hamda 4 turdagi biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

 

Shuningdek, “Ollayor oxun” f/x klaster tashabbuskorining qilingan ishlar holati va muammolari ekish maydonlariga chiqqan holda o‘rganildi. Bu yerda 10 gektar maydoniga steviya o‘simligining plantatsiyasi hamda 1.0 ga maydonida issiqxonada steviya ko‘chatchiligini tashkil etgan. Klaster ro‘yxatga olingandan so‘ng yana 40 gektar maydoniga steviya dorivor o‘simligini plantatsiyasini tashkil etish rejalashtirilgan va Hindiston davlatidan steviya xom ashyosini qayta ishlaydigan, undan shakar o‘rnini bosuvchi steviozid (shakardan 150-200 barobar) va rebaudiozid (shakardan 350 barobar shirinroq) moddasini ajratib oladigan uskuna olib kelinishi bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Qashqadaryo viloyatdagi umumiy dorivor  va ziravor o‘simliklar yetishtirish va qayta ishlash bilan shug‘ullanadigan fermer va tashkilotlarining ro‘yxatini umumlashtirib reja tuzildi.

Rejaga ko‘ra, “Pinnacle world wide” QK klasteri rahbariyati bilan uchrashildi va yuzaga kelgan muammo muhokama qilindi. Maʼlum bo‘ldiki klasterning 477 gektar maydoni prokuror protesti bilan olib quyilgan. Bu muammoni xal etish bo‘yicha hozirda ishlar olib borilmoqda.

 

Dexqonobod tumanida joylashgan “Eco comfort” XK si ko‘zdan kechirildi va 300 gektar maydonda kovrak plantatsiyasi bilan birgalikda xandon pista plantatsiyasi xam tashkil etilayotgani aniqlandi. Hozirgi kunda maydon 11 kilometrlik temir to‘siqlar bilan o‘rab olinib kavraklar ekilganiga 2 yildan oshgani va ekish ishlari davom etayotgani aniqlandi. Loyiha umumiy qiymati 10 mlrd. so‘mni tashkil etadi shundan 8 mlrd. so‘m korxona o‘z mablag‘lari hisobidan va 2 mlrd. so‘m bank krediti asosida tashkil etilgan. Yaratilgan ish o‘rni soni 16 ta.

“Eco comfort” XK si rahbari Vahob Norsafarovga muloqot mobaynida  to‘siqlar yoniga itburun naʼmatagi ekilish, achchiq bodom, ola o‘t (rastoropsha) dorivor o‘simliklarini ekish tavsiya qilindi. Muloqot davomida tadbirkor -  “200 gektar lalmi yerni bersangiz, o‘z mablag‘ hisobimdan o‘zlashtiraman” – degan taklifini bildirdi.

Qizil gulxayri va qora gulxayri plantatsiyasini ko‘zdan kechirish maqsadida “BBU-AZAMAT” MCHJ xodimlari bilan uchrashildi va dorivor o‘simliklar ekish uchun qiziqish bildirgan tashabbuskor tadbirkorga yo‘nalish ko‘rsatildi.

 

Buyrak choy, dorivor moychechak, qalampir yalpiz, dorivor limono‘t, anzur piyozi, yer nok (topinambur), achiq bodom, itburun naʼmatagi, jumrutsimon chakanda 995,9 ga taʼbiiy maydonlarda dorivor o‘simliklar parvarishi va madaniy holda yetishtirilishi ishlarini ko‘zdan kechirish maqsadida klaster tashabbuskori “Kamar dorivorlari” MCHJ rahbari bilan uchrashildi va taklifar o‘rganilib, rejalar aniqlandi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech