O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Avtomobillar harakatlanishi uchun ilgari berilgan maxsus ruxsatnoma (stiker)lar karantin cheklovlari amal qilish davrida qo‘llaniladi

O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi axboroti eʼlon qilindi. Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan 2020 yil 10 iyuldan eʼtiboran respublika miqyosida avtotransport vositalarining harakatini cheklash bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi tartib joriy etilmoqda:

➖ Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga avtotransport vositalarining kirishi va chiqishi (viloyatlararo qatnov) to‘xtatiladi (Toshkent shahridan Toshkent viloyatiga hamda Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga kirib-chiqish bundan mustasno);
➖ jamoat transporti harakati to‘xtatiladi;
➖ avtotransport vositalarida maxsus ruxsatnomasiz (stikersiz) harakatlanishga faqatgina kunning muayyan vaqtida (07.00 dan – 10.00 gacha, 17.00 dan – 20.00 gacha) tegishli hudud doirasida (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida) fuqarolarning ish joyiga borib-kelishi, dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi galdagi mahsulotlarni xarid qilish uchun harakatlanishiga ruxsat beriladi. Bunda avtotransport vositalarining harakatlanishi davomida santariya-gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya etish talab etiladi;
➖ viloyatlar markazlari, Toshkent va Nukus shaharlari atrofidagi yo‘l patrul xizmati maskanlari, blokpostlar va to‘siq postlar faoliyati ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya va Mudofaa vazirligi kuchlarini hamda Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi vakillarini jalb qilgan holda kuchaytiriladi.
➖ Karantin davrida fuqarolarning mototransport (skuter) hamda velosipedda harakatlanishiga faqatgina tibbiy niqobdan foydalangan holda hayotiy zarur ehtiyojlari – dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi galdagi mahsulotlarni xarid qilish, shifokor ko‘rigiga murojaat etish, shuningdek, ish joyiga borish va kelish uchun ruxsat etiladi.
➖ Avtotransport vositalari harakatlanishi uchun Adliya vazirligi Davlat xizmatlari markazlari tomonidan ilgari berilgan maxsus ruxsatnoma (stiker)lar karantin cheklovlari amal qilish davrida qo‘llaniladi.
➖ Shu bilan birga ruxsatnomasi mavjud bo‘lmagan holda harakatlanayotgan avtotransport vositalarining huquqbuzarlik davom ettirilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida karantin talablarni buzgan shaxslarga maʼmuriy javobgarlik choralari qo‘llanilishi hamda avtotransport vositalari jarima maydonchasiga joylashtirilishi nazarda tutildi.
➖ Viloyatlararo va shaharlararo qatnovlarni amalga oshirish bo‘yicha belgilangan cheklovlar dehqon va fermer xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini (meva-sabzavot, poliz, ko‘kat mahsulotlari va b.q.) joylarga yetkazish va sotish maqsadida viloyatlararo va shaharlararo qatnovlarni amalga oshirishga tatbiq etilmaydi.

Bunda dehqon va fermer xo‘jaliklarining avtotransport vositalari bozorlar, yarmarkalar va savdo nuqtalariga kiritishdan oldin dezinfeksiya qilinadi.

Yo‘nalishsiz taksilarga yo‘lovchi tashishga quyidagi maxsus talablar asosida ruxsat beriladi:

➖ yo‘lovchi tashish uchun avtotransport vositasi salonida haydovchi o‘rindig‘i yo‘lovchilar o‘rindig‘idan shaffof plastik yoki maxsus plyonka bilan to‘silgan bo‘lishi kerak;
➖ haydovchi va yo‘lovchi tibbiy niqobda bo‘lishi (tibbiy niqobsiz yo‘lovchini tashish taqiqlanadi) lozim;
➖ faqatgina ikki nafar yo‘lovchilarni avtotransport vositasi saloni orqa o‘rindig‘iga o‘tkazilishi kerak;
➖ faqatgina avtotransport vositasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan hudud doirasida (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida) harakatlanishi shart.

Karantin talablariga zid ravishda ko‘chalarda va maydonlarda uch kishidan ortiq bo‘lib yurish, shuningdek, niqobsiz yurish holatlari belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech