O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Behzod Musayev SSV tizimini korrupsiyasiz sohaga aylantirish rejasi bo‘yicha maʼlumot berdi

Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev o‘zi boshchilik qilayotgan tizimni korrupsiyasiz sohaga aylantirish rejasi bo‘yicha maʼlumot berdi. Bu haqda Oliy Majlis Senatida 5 aprel kuni bo‘lib o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining majlisidan Bugun.uz muxbiri xabar berdi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, sog‘liqni saqlash tizimini korrupsiyasiz sohaga aylantirish bo‘yicha ishlar boshlanganiga qaramasdan, korrupsiyaviy jinoyatlar soni o‘smoqda. Qayd etilishicha, korrupsiyaviy holatlarga olib kelayotgan omil bu raqamlashtirish tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yilmagani hisoblanadi.

Vazir o‘z so‘zida hozirgi kunda korrupsiyaga moyil sohalarning uchtadan bittasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bo‘lib qolayotganini qayd etdi. «Biz uchun bu juda uyatli va achinarli xol», — dedi Behzod Musayev.

Vazir o‘z chiqishi davomida tizimli o‘rganishlar davomida aniqlangan, korrupsiya eng “gullagan” yo‘nalishlarni sanab o‘tgan. Unga ko‘ra, bu yo‘nalishlar quyidagilardan iborat:

✅ Davlat xaridlari tizimida shaffoflik o‘rnatilmagan — gap birinchi navbatda dori-darmonlar hamda sog‘liqni saqlash tizimi uchun kerakli jihozlarni xarid qilish haqida bormoqda.
✅ Bemorlarga yo‘llanma berish (order tizimi) — hozirda yo‘llanmalarni elektron berish ishlari yo‘lga qo‘yilmoqda. Elektron yo‘llanma berish tizimini vazirlik tizimida mavjud 2 mingdan ortiq poliklinikalarda joriy qilish ko‘zda tutilmoqda.
✅ Ishga qabul qilish jarayonlarida ham korrupsiogen holatlar ko‘p. Umuman, «o‘lik jonlarni» saqlash evaziga byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish, ishga qabul qilishda taʼmagirlik qilish, hatto oddiy hamshiralikka joylash uchun ham mablag‘ so‘rash kabi holatlar ko‘p uchramoqda. Shuning uchun hozir Sog‘liqni saqlash tizimida respublika bo‘yicha yagona kadrlar axborot tizimi joriy qilinmoqda. Endilikda shu tizim orqali har bir fuqaro qaysi hududda qanday vakansiya borligini ko‘rib turish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Tizim 2 oy ichida to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
✅ Taʼmagirlik holatlari – tizimda tug‘ruq muassasalarida “suyunchi” olish, bundan tashqari bemorlarga asossiz dori-darmonlarni yozib berish yoki bemorga yaxshiroq sharoit yaratib berish, tuzukroq doktorga ko‘rsatish orqali taʼmagirlik qilish holatlari ko‘p.
✅ Laboratoriya xizmatlarini turli xususiy korxonalarga hech qanday shartnomasiz berib yuborish holatlari aniqlangan. Sog‘liqni saqlash tizimiga tegishli yer uchastkalari tizim xodimlari tomonidan vazirlik ruxsatisiz begonalashtirilgan holatlar aniqlangan. Har bir holat bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlariga xabar berilgan.
✅ Qalbaki hujjatlar orqali malaka sertifikatini berish — endilikda malaka oshirish tizimini tubdan takomillashtirish ustida ishlar olib borilmoqda.

Musayevning aytishicha, sog‘liqni saqlash tizimidagi eng katta kamchilik, korrutsiyaviy holatlarga olib kelayotgan omil bu raqamlashtirish tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yilmagani sanaladi.

Vazirning qayd etishicha, «Korrupsiyasiz soha» loyihasini amalga oshirish natijasida 2020-2021 yillar davomida sohada 14 ta xizmat shakli to‘la elektron shaklga o‘tkazilganiga qaramay, to‘liq raqamlashtirishni amalga oshirmaguncha tizimda shaffoflikni joriy qilish juda og‘ir bo‘ladi.

Sog‘liqni saqlash vaziri shuningdek, tizim korrupsiyadan holi bo‘lishi uchun sohadagi har bir rahbar va xodimdan korrupsiyasiz ishlash haqida aholiga murojaati va tilxatini olish tizimi yo‘lga qo‘yilganini qo‘shimcha qildi. Shuningdek, 2022 yil 1 iyuldan yaxshi ishlagan xodimlarga toifasiga qarab qo‘shimcha ustamalar qo‘shib berish ishlarini joriy qilish ko‘zda tutilayotgani aytildi.

Avvalroq Behzod Musayev rasman sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlangandi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan ochiq muloqotida nima uchun iqtisodchini sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlagani sababini aytgan.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech