O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Bemorga tayinlangan dori vositalari uning tibbiy hujjatlari (kasallik tarixi, ambulatoriya kartasi)da qayd qilinishi va bevosita davolovchi shifokor tomonidan imzolanishi kerak.

➖ Davolash-profilaktika muassasalarida sifatsiz, qalbakilashtirilgan, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalarini qabul qilish, saqlash va qo‘llash taqiqlanadi.

➖ Davolash-profilaktika muassasalarida dori vositalarining tayinlanishi hamda bemorning dori vositalarini qabul qilish, saqlash va qo‘llash bo‘yicha nazorat O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

➖ Davolash-profilaktika muassasalarida bemorlarga dori vositalarini tayinlash tashxis va davolash standartlari asosida bir martalik, kunlik va kurs dozalarini aniqlash orqali kasallikning turi, og‘irligi va xususiyatiga hamda bemorning yoshini hisobga olgan holda davolovchi shifokor tomonidan amalga oshiriladi.

➖ Bemorga tayinlangan dori vositalari (dori vositalarining nomi, bir kunlik dozasi, qabul qilish yoki yuborish usuli, miqdori, davomiyligi va boshqalar) uning tibbiy hujjatlari (kasallik tarixi, ambulatoriya kartasi, bolaning rivojlanish tarixi va boshqalar)da qayd qilinadi va bevosita davolovchi shifokor tomonidan imzolanadi.

✅ Quyidagi hollarda bemorga tayinlangan dori vositalarining asosliligi davolash-profilaktika muassasasining bo‘lim mudiri yoki navbatchi shifokori yoxud klinik farmakologi bilan kelishilishi lozim:

➖ bemorga bir vaqtning o‘zida besh va undan ortiq dori vositalari tayinlanganda;

➖ asosiy kasallikning asoratlari yoki hamroh kasalliklari mavjud bo‘lganda;

➖ Davolash-profilaktika muassasalarida dori vositalarini tayinlash hamda bemorning dori vositalarini qabul qilish, saqlash va qo‘llash tartibi, shuningdek dorixonalar tomonidan aholiga dori vositalarini retsept asosida berish to‘g‘risidagi Nizomning 1-ilovasiga muvofiq Dori vositalarining xavfli kombinatsiyalari ro‘yxatida ko‘rsatilgan dori vositalarining xavfli kombinatsiyalari mavjud bo‘lganda.

Ushbu hollarda tayinlangan dori vositalarining asosliligi bemorning tibbiy hujjatlarida qayd etilishi va ushbu tibbiy hujjatlar bevosita davolovchi shifokor hamda mazkur bandning birinchi xatboshisida ko‘rsatilgan shaxslar tomonidan ham imzolanishi lozim.

Davolovchi shifokor davolash-profilaktika muassasalarida statsionar sharoitda davolanayotgan bemorga ushbu muassasada mavjud bo‘lmagan dori vositalarini tayinlashi mumkin.

➖ Davolash-profilaktika muassasasining davolovchi shifokori tomonidan dori vositalari retsept asosida tayinlanganda, retseptda shifokorning farmatsevt xodimga dori vositasining tarkibi, shakli, uni tayyorlash va berish haqidagi yozma ko‘rsatmasi lotin tilida, dori vositalarini qo‘llash usuli esa o‘zbek yoki rus tilida ko‘rsatilishi shart.

➖ Retsept bemorga uning yoshi, dori vositasining xalqaro patentlanmagan yoki kimyoviy nomi, murakkab tarkibli dori vositalari uchun savdo nomi, dori vositasi ekstemporal usulida tayyorlanganida uning tarkibiga kiruvchi dori vositalarining nomlari, shuningdek ularning dozasi, davriyligi, qabul qilish vaqti va davomiyligi, oziq-ovqat bilan o‘zaro taʼsirlashuvchi dori vositalari (ovqatdan oldin, ovqatlanish vaqtida, ovqatdan keyin) ko‘rsatilgan holda mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakldagi retsept blankiga muvofiq beriladi.

➖ Bunda retseptda tayinlangan dori vositalari (dori vositalarining nomi, bir kunlik dozasi, qabul qilish yoki yuborish usuli, miqdori, davomiyligi va boshqalar) retseptning yirtma koreshogida ham bir-biridan farqlanmaydigan holatda ko‘rsatilishi shart. 

Davolovchi shifokor tomonidan davolash-profilaktika muassasalarida statsionar sharoitda davolanayotgan bemorga retseptda oziq-ovqatlar bilan o‘zaro taʼsirlashuvchi dori vositalari (ovqatlanishdan oldin, ovqatlanish vaqtida, ovqatlanishdan keyin) qo‘llanilishi bo‘yicha maʼlumotlar ko‘rsatilishi shart emas.

Retsept yozishda Davolash-profilaktika muassasalarida dori vositalarini tayinlash hamda bemorning dori vositalarini qabul qilish, saqlash va qo‘llash tartibi, shuningdek dorixonalar tomonidan aholiga dori vositalarini retsept asosida berish to‘g‘risidagi Nizomning 3-ilovasida keltirilgan Asosiy retseptura qisqartmalaridan foydalanish mumkin.

➖ Retseptda aynan qanday dori vositasi yozilganligini aniqlashda adashtiruvchi ingrediyentlarning nomiga yaqin qisqartmalarni yozishga yo‘l qo‘yilmaydi.

➖ Har bir davolash-profilaktika muassasasidagi davolovchi shifokorlarga retsept blanklari ushbu muassasa rahbarining buyrug‘i bilan tayinlanadigan javobgar shaxs tomonidan, dam olish va bayram kunlari hamda tungi vaqtlarda esa davolash-profilaktika muassasasining masʼul navbatchi shifokori tomonidan beriladi.

➖ Shifokorlarga beriladigan retsept blanklarining hisobi ushbu Nizomning 4-ilovasida keltirilgan Davolash-profilaktika muassasalarida retsept blanklarini berishni qayd qilish jurnaliga muvofiq yuritiladi.

Retsept O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan berilganda ularning yuqori qismi chap burchagida davolash-profilaktika muassasasining nomi va manzili tegishli shtamp qo‘yilgan holda ko‘rsatilishi, xususiy davolash-profilaktika muassasalari tomonidan berilganda esa qo‘shimcha ravishda retseptning yuqori qismi o‘ng burchagida ushbu muassasaning faoliyat ko‘rsatishi bo‘yicha berilgan litsenziyaning tartib raqami, berilgan sanasi va amal qilish muddati ham ko‘rsatilishi lozim.

➖ Retseptda «Ichish uchun», “Maʼlum”, «Qoida tariqasida» va boshqa shu kabi belgilardan foydalanish man etiladi.

➖ Retseptda suyuq dori vositalarining miqdori millilitr va tomchilarda, qolgan moddalar esa grammlarda yoziladi.

➖ Retsept blankida ko‘rsatilgan kataklar aniq va tushunarli tarzda to‘ldirilishi, unda o‘chirish va tuzatishlarga yo‘l qo‘yilmasligi lozim.

Retsept davolovchi shifokorning imzosi va shaxsiy muhri bilan tasdiqlanishi lozim. Bunda davolovchi shifokor shaxsiy muhrining tashqi aylana diametri 20 mm, kichik aylana diametri 10 mm, aylanalar orasidagi masofa 3 mm va kichik aylana ichidagi chiziq uzunligi 8 mm bo‘lishi hamda katta aylana ichida davolovchi shifokorning familiyasi, ismi va otasining ismi, kichik aylana ichidagi chiziqda “shifokor” so‘zi yoziladi.

➖ Retsept uni bergan davolovchi shifokorning imzosi bilan tasdiqlangan kundan boshlab bir oy mobaynida haqiqiy hisoblanadi.

➖ Kasalligi surunkali bo‘lgan bemorlar uchun ambulatoriya sharoitida tayyor dori vositalariga va ekstemporal usulida tayyorlanadigan dori vositalariga retsept berilganda, davolovchi shifokor tomonidan istisno tariqasida uni amal qilish muddati bir yilgacha belgilanishiga ruxsat etiladi, miqdoriy buyum hisobida turuvchi anabolik faollikka ega bo‘lgan hamda tarkibida spirt saqlovchi ekstemporal usulida tayyorlanuvchi dori vositalari bundan mustasno.

Kasalligi surunkali bo‘lgan bemorlarga amal qilish muddati bir yilgacha bo‘lgan retseptlar berilganda, davolovchi shifokor tomonidan uning amal qilish muddati va dorixonadan dori vositalarini berish davriyligi (har hafta, har oy va boshqalar) ko‘rsatilishi shart.

Statsionar davolash-profilaktika muassasasida davolangan bemorga ambulatoriya sharoitida davolanishni davom ettirish zarur bo‘lgan hollarda retsept ambulatoriya-poliklinika muassasasining shifokori tomonidan bemorning tibbiy hujjatlaridan olingan ko‘chirmasidagi davolovchi shifokorning ambulatoriya sharoitida dori vositasining qo‘llanilishi haqidagi tavsiyasiga asosan beriladi.

✅ Retsept yozib berish taqiqlanadi:

➖ narkoz vositasi sifatida ishlatiladigan dori vositalariga;

➖ Davolash-profilaktika muassasalarida dori vositalarini tayinlash hamda bemorning dori vositalarini qabul qilish, saqlash va qo‘llash tartibi, shuningdek dorixonalar tomonidan aholiga dori vositalarini retsept asosida berish to‘g‘risidagi Nizomning 5-ilovasiga muvofiq Bir-biriga nomutanosib dori vositalari ro‘yxatida ko‘rsatilgan dori vositalariga.

Asos

__

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech