O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

«Bepul dorilardan 50 ming quti tayyorlab qo‘yilgan, ular tez orada tarqatiladi» — professor Feruza Hamroboyeva bilan suhbat

Kun.uz pandemiya davrida asqotadigan tavsiyalar beriluvchi suhbatlar turkumini davom ettiradi. Bu safargi mehmon – Koronavirusga qarshi kurashish shtabi aʼzosi, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti professori Feruza Hamroboyeva bo‘ldi.

Tibbiyot fanlari doktori bilan suhbatimiz so‘nggi paytlarda ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan dorilar taʼminoti va immunitetni oshirish masalalarida kechdi.

 – Feruza Ibragimovna, dastlab COVID-19‘ga chalinganlar bepul beriluvchi dorilarni qayerdan, qay tartibda olishlari haqida batafsil tushuntirish bersangiz.

 – Bu dorilar jamlanmasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan taqdim etilgan bo‘lib, u mobil guruh yoki patronaj vaqtida biriktirilgan oilaviy poliklinikaning umumiy amaliyot shifokori tavsiyasi asosida beriladi. Mazkur dorilar koronavirus infeksiyasi yengil kechayotgan va uy sharoitida davolanayotgan bemorlargagina taqdim etiladi.

Shakllantirilgan dori-darmonlar jamlanmasi alohida qutichaga joylashtiriladi va «COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolashda qo‘llaniladigan dori vositalari to‘plami» deb nomlanadi.

Dori to‘plami qutichasiga bepul tarqatilishi shartligi va albatta shifokor maslahati bilan ichish kerakligi haqida qaydlar yozilgan.

Ayni paytda 50 ming dona bunday to‘plab tayyorlab qo‘yildi va tarqatilish rejalashtirilmoqda. Dori-darmonlarni olish uchun hujjatlar talab qilinmaydi.

– Bepul beriluvchi dorilar ro‘yxati qaysi mezonlarga asosan tuzilgan va ular qayerdan xarid qilinyapti? Xaridlarda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning hissasi qanday?

– Dorilar ruyxatiga “Azitromitsin”, “Paratsetamol” va S vitamini – yoki askorbinka kiradi. Bu ruyxat COVID-19 yo‘riqnomasiga asosan, mavjud vaziyat bo‘yicha tadqiqotlarga ko‘ra tuzilgan. Ular asosan mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlanmoqda va yetkazib berilmoqda.

Ayni paytda ichki bozordagi talab oshib borayotgani hisobga olinib, mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari eksporti to‘xtatib turilibdi.

– Plakvenil, gidroksixloroxin dori vositalarining koronavirusga qarshi samarasi isbotlanmagani, nojo‘ya taʼsirlari ko‘pligi bo‘yicha ko‘plab maqolalar eʼlon qilindi. Ammo shunga qaramay bizda ulardan foydalanib kelinayotganini qanday izohlaysiz?

– Dori vositalari qayta ko‘rib chiqilishi, qator o‘rganishlar asosida dorilar jamlanmasidan plakvenil chiqarib tashlandi. Oldin qo‘llanilganining sababi – klinik izlanishlar natijasida 2020 yil fevral oyida fransuz olimlari mazkur ikki dorini koronavirusga qarshi samarali ekani haqida xabar berishgandi va mana shu tadqiqotga asosan nafaqat biz, balki dunyoning ko‘plab davlatlarida bu dori ishlatilgan.

Tadqiqotlar asosan ikki guruh preparatlari asosida olib borilmoqda:

Fransuz olimlarining dastlabki tadqiqotida COVID-19 kasalligini davolashda gidroksixloroxin alohida va azitromitsin antibiotigi bilan birga qo‘llab ko‘rilgan. Davolashning beshinchi kunidayoq koronavirusni aniqlovchi test manfiy natija ko‘rsatgan va bu keyingi kunlarda ham o‘z tasdig‘ini topgan. Yaʼni sinovdagi barcha bemorlar besh kun ichida to‘liq sog‘ayib bo‘lganlar.

Xitoyning 10ta klinikasida (jumlada Uhan shahrida ham) Covid-19 chaqiruvchi pnevmoniyani davolashda xloroxin preparatini qo‘llash natijalari esa bezgakka qarshi bu preparatni qo‘llash pnevmoniyani cheklashda va kasallik davomiyligini qisqartirishda nisbiy samara berganini ko‘rsatgan.

– Bugungi kunda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi davlatlari orasida Rossiyaning “Arbidol” dorisi ommalashib ketdi va tanqis bo‘lib qoldi. Bu dorining arzon va samarali bo‘lgan muqobil variantini topish mumkinmi?

– Albatta, virusli infeksiyalarda davolashda qo‘llanadigan 44 nomdagi preparatlar mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Ular atsiklovir, entekavir, oksolin, umifenovir, lamivudin, abakavir, rutan kabi taʼsir etuvchi moddalar saqlagan hamda majmuaviy tarkibga ega bo‘lgan viruslarga qarshi vositalardir.

Faqat bir doriga bog‘lanib qolish, o‘shandan najot kutish to‘g‘ri emas.

– Bugungi murakkab jarayonda insonlar immun tizimini mustahkamlash borasida qanday tavsiyalar bera olasiz?

– Inson salomatligi, immuniteti kuchliligi uning sog‘lom turmush tarziga amal qilishi bilan uzviy bog‘liq. Jismoniy faollik bo‘lishi kerak. To‘g‘ri ovqatlanish, vitaminga boy mahsulotlarni doimiy ravishda isteʼmol qilish zarur. Ayniqsa, tarkibida S vitamini ko‘p bo‘lgan oziq-ovqatlarga alohida eʼtibor qaratish yaxshi samara beradi.

Bozorlarimizda meva-sabzavotlar, ko‘katlar mo‘l va arzon. Doriga ruju qo‘ymasdan, ularni isteʼmol qilish hamisha foydali bo‘lgan.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech