O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Bilasizmi, qizilmiyaga nega “moʻjizakor o‘simlik” deya ta’rif beriladi?

Qizilmiyaga “moʻjizakor o‘simlik” deya taʼrif beriladi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki undan 110 turdan ortiq dori vositalari olinishi bilan birga, sanoatning 20 yo‘nalishida foydalaniladi. Bunday xususiyat boshqa o‘simliklarda kamdan-kam uchraydi. Respublikamizda mazkur o‘simlikning silliq qizilmiya turi keng tarqalgan bo‘lib, u tabiiy holda o‘sadi.

Qizilmiya ildizlaridan tayyorlangan quruq va quyuq ekstraktlar shamollash, sil hamda o‘pka, jigar, nafas yo‘llari va yurak-qon tomirlari kasallanganda, modda almashinuvini meʼyoriga keltirishda, bo‘g‘ma, onkologik, ovqatdan zaharlanish, oshqozon, meʼda hamda o‘n ikki barmoqli ichak yarasida, teri kuyishi, shuningdek, boshqa xastaliklarda tavsiya etiladi.

Oziq-ovqat sanoatida qizilmiya ildizidan kaloriyasiz ichimliklar, qandolatchilik va non mahsulotlari, murabbo, shinni, konserva, ozuqa konsentratlari, saqich, tish pastasi hamda boshqalarni tayyorlashda foydalaniladi. Yengil sanoatda rangli bo‘yoqlar olinsa, metallurgiya sanoatida metallarni gidrolizlashda, kimyo sanoatida siyoh tayyorlashda, qog‘ozlarga rang berishda qo‘llaniladi. Uning chiqindisidan esa qog‘ozli termoizolyatsiya plitasi, qog‘oz singari mahsulotlar ishlab chiqarish mumkin. Shu bois bugungi kunda ushbu o‘simlikka AQSH, Buyuk Britaniya, Gollandiya, Yaponiya, Germaniya, Vengriya, Xitoy, Janubiy Koreya va boshqa ko‘pgina davlatlarda talab yuqori.

Qizilmiya qishloq xo‘jaligida ham juda foydali. Masalan, undan ajratib olingan faol moddaning 1 milligrammini 1 litr suvga aralashtirib, kartoshkaga ishlov berilsa, kurtaklarning uyg‘onish ko‘rsatkichi 28 foiz oshadi. g‘unchalash va gullash fazalari tezlashadi, natijada hosildorlik 17 foiz ortadi.

Yurtimizda olib borilgan ilmiy izlanishlar tufayli qizilmiyaning morfologo-anatomiyasi va reproduktiv biologiyasi, uni turli sharoitda o‘stirish usullari o‘rganildi. Jumladan, o‘simlik Mirzacho‘lning sho‘r tuprog‘ida ham yaxshi rivojlanishi, tuproq unumdorligini oshiruvchi kuchli meliorant ekanligi isbotlangan. Bu usul, ayniqsa, almashlab ekishda yuqori samara berishi aniqlandi.

Qizilmiya ildizi tuproqning gipsli qatlamini ham teshib o‘tadi va yer osti suvidan oziqlanadi. Shu bois uni tabiiy namlik sharoitida ham parvarishlash mumkin. Tuproqqa o‘zining sirli taʼsirini o‘tkazuvchi, hech bir qismi chiqindi sifatida tashlab yuborilmaydigan qizilmiya ekinzorlarini kengaytirish maqsadga muvofiqdir.

Vazirlar Mahkamasining joriy yil 15 fevraldagi 138-sonli “Qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklarni yetishtirish hamda sanoat usulida qayta ishlashni samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori, ayniqsa, bu boradagi yumushlarni yangi bosqichga ko‘tarishi bilan ahamiyatlidir. Negaki, ushbu qarorga binoan “Qizilmiya o‘simligini yetishtirish va qayta ishlash tashkilotlari uyushmasi”ni tashkil etildi va 2019 — 2023 yillar mobaynida qizilmiya ekishni Qoraqalpog‘iston Respublikasida 25000 gektarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, qizilmiyaning ball-boniteti past bo‘lgan maydonlarda ekilishi ko‘rsatib o‘tildi. Chunki 5 yil davomida qizilmiya o‘stirilgan yerda tuproqning sho‘rlanganlik darajasi 2,5 barobargacha kamayib, azot, gumus bilan to‘yinadi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, rentabelsiz bir gektar maydonda 5 yil mobaynida qizilmiya o‘stirish uchun 20 million so‘m xarajat qilinib, 14 tonna o‘simlik ildizini olish mumkin. Jahon bozorida esa uning bahosi yuqori. Qolaversa, ekin poyasidan ham 8000 tonna quruq mahsulot olinadi. Yerning meliorativ holati yaxshilanib, unumdorligi ortadi. Ildiz hosili yig‘ishtirib olingan yerga boshqa ekin ekilmasa, zarur agrotexnika tadbirlarini bajarish orqali o‘simlikni qayta tiklash va yer ustidan har yili, yer ostidan esa 4 yildan keyin yana hosil yig‘ishtirib olish mumkin. Bu esa shu ish bilan shug‘ullanuvchi dehqonlar uchun ham, tadbirkorlar uchun ham, qisqacha aytganda, iqtisodiyotimiz uchun nihoyatda foydali. Davlatimiz rahbari tashabbusi ostida yangi bosqichga kirgan ishlar ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Sherzod Abzalov,
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining 
Ishlab chiqarish masalalari boshqaramasi bosh mutaxassisi 

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech