O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Bishkek shahrida “Qirg‘iziston – O‘zbekiston” biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

26 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan tadbirda ikki mamlakat hukumatlari aʼzolari, tegishli vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari, hududiy maʼmuriyatlar rahbarlari, ishbilarmon doiralarining 350 dan ortiq vakillari hamda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Ulug‘bek Egamov boshchiligidagi soha vakillaridan iborat delegatsiya ishtirok etdi.

Biznes-forum doirasida Qirg‘iziston-O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashining ikkinchi yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari vakillari, xususan “NIKA PHARM”, “DENTALS PHARMA”, “SERENA HEALTHCARE”, “LIDE IMPORT” kabi kompaniyalar faol ishtirok etib, milliy mahsulotlar taqdimoti bilan qatnashdilar. Uchrashuv chog‘ida yig‘ilganlar Qirg‘iziston va O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyati, shuningdek, ushbu mamlakatlarda biznes yuritish uchun yaratilgan barcha sharoitlar haqidagi taqdimot materiallari bilan tanishtirildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Ulug‘bek Egamov ikki davlat o‘rtasidagi faol hamkorlik ikkala mamlakat farmatsevtika sohasida faoliyat olib boruvchi tadbirkorlarga qo‘shma hamkorlikni jadal amalga oshirish imkonini berayotganini taʼkidladi. Yig‘ilish so‘nggida Qirg‘iziston Farmatsevtika ittifoqi rahbari Ernest Asanov bilan mahalliy eksportyor korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Qirg‘iziston Respublikasi importyorlariga yetkazib berish bo‘yicha memorandum imzolandi.

Shuningdek, delegatsiya aʼzolari Qirg‘iziston mamlakati Importchilar uyushmasi vakillari, Dori vositalarini nazoratga olish departamenti rahbari Aynura Abaliyeva, Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Tillek Mamadaliyev  bilan ham uchrashdilar.

Taʼkidlash lozim, joriy yilning fevral–mart oylarida Qirg‘iziston Farmatsevtika ittifoqi rahbari Ernest Asanov yirik importyor distribyutorlar hamrohligida mamlakatimizning yirik  ishlab chiqarish quvvatlari bilan yaqindan tanishgani hamda O‘zbekiston farmatsevtik mahsulotini Qirg‘izistonga eksport qilish taklifi masalasida  tashrif buyurishini aytib o‘tdi.

Tashrif davomida yana Qirg‘izistoning “Pharma Nur” korxonasi borib ko‘rildi hamda O‘zbekistondagi dori vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan shartnoma asosida dori vositalarini ishlab chiqarish va eksportini yo‘lga qo‘yish yuzasidan hamkorlik olib borish taklifi berildi.

Forum yakunlari bo‘yicha yangi korxonalar tomonidan umumiy qiymati 7 mln AQSH dollarlik farmatsevtika mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech