O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Bojxonachilar biologik faol qo‘shimchalarning noqonuniy “oldi-sotdisi”ni fosh qilishdi

Inson salomatligi har narsadan ustun. Bugungidek qaltis sharoitda isteʼmol tovarlari va dori darmonlar, qolaversa aholi ratsioniga tobora kirib borayotgan biologik faol qo‘shimchalarning yuqori sifatga ega bo‘lishi dolzarb ahamiyatga ega.

Lekin, afsuski, ko‘p hollarda aholi salomatligi uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan sifati kafolatlanmagan tovarlarning noqonuniy aylanmasi hamon uchramoqda. Bojxona organlari tomonidan bunday sifati kafolatlanmagan tovarlarning noqonuniy harakatini aniqlash hamda ularga chek qo‘yish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazishdi.

Tadbir davomida fuqaro K.Z. shartli xaridorga umumiy qiymati salkam 66 million so‘mlik 420 dona “Samyun Wan” nomli sifati kafolatlanmagan biologik faol qo‘shimchalarni sotayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan to‘xtatib qolindi. Hozirda mazkur holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech