O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Britaniyaning nufuzli universitetlarida taʼlim olish imkoniyatini qo‘ldan boy bermang

“Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri tarkibida tashkil qilinadigan Farmatsevtika texnik universitetida halqaro talablariga mos ravishda oliy taʼlim va ilmiy sohada faoliyat olib borishni istaysizmi?

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Britaniyaning nufuzli universitetlarida taʼlim olish imkoniyatini bermoqda.

Xorijiy oliy o‘quv yurtlarining magistratura yo‘nalishida 2022-2023 o‘quv yillarida malaka oshirish istagida bo‘lgan hamda o‘z faoliyatini “Tashkent Pharma Park”da davom ettirishni maqsad qilgan nomzodlar uchun navbatdagi tanlovni eʼlon qilamiz.

O‘qish quyidagi mutaxassisliklar bo‘yicha olib boriladi:

➖ Farmatsiya;
➖ Biofarmatsevtika fanlari va biotexnologiyalar;
➖ Klinik farmatsiya;
➖ Dori vositalarini tadqiq qilish va ishlab chiqish;
➖ Farmatsevtika texnologiyalarining sifatini taʼminlash;
➖ Biokimyo;
➖ Tibbiy kimyo;
➖ Biotibbiyot fani;
➖ Kosmetologiya fanlari.

Tanlovdan o‘tgan va chet el universitetlarini bitirgan nomzodlar o‘z faoliyatlarini “Tashkent Pharma Park”ning ilmiy-pedagogik xodimlari sifatida davom ettiradilar. Yetuk mutaxassislar, professor, o‘qituvchilar tajribasi, zamonaviy loboratoriyalardan foydalanish imkoniyati endi sizda bor.

“Tashkent Pharma Park” tizimida ishlash va zamon talabiga mos kadrga aylanish uchun dadil qadam tashlash vaqti keldi. Innovatsion rivojlanishga hissa qo‘shish sizning tashabbusingiz, O‘zbekiston farmatsevtikasini rivojlantirish yo‘lida samarali mehnat qilish imkonini esa biz taqdim etamiz.

Magistratura yo‘nalishida tahsil olish uchun nomzodlarga qo‘yiladigan talablar:

▪️ farmatsevtika, biologiya, kimyo yoki tibbiyot fanlari bo‘yicha bakalavr darajasi;
▪️ Ingliz tili bo‘yicha bilim darajasi - IELTS 6.5;
▪️ “Tashkent Pharma Park” tizimida ishlashga bo‘lgan rag‘bat, shuningdek, farmatsevtika va tegishli fanlar bo‘yicha malaka oshirishga tayyorlik;
▪️ O‘zbekiston Respublikasining 40 yoshgacha bo‘lgan fuqarosi bo‘lish;

Quyidagi xarajatlar Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan moliyalashtiriladi:

➖ Talaba vizasini olish bilan bog‘liq barcha xarajatlar;
➖ O‘qishdan oldin va o‘qish tamomlangandan so‘ng aviachiptalar;
➖ Yo‘l xarajatlariga tegishli, aeroportdan universitetgacha va teskari yo‘nalishda sodir bo‘ladigan transport hamda Covid-19 PSR testlar xarajatlari;
➖ Universitetda o‘qish puli;
➖ Universitet yotoqxonasining puli;
➖ Britaniyada yashash uchun to‘lanadigan oylik mablag‘;
➖ Tibbiy sug‘urta.

Nomzodlar quyidagi hujjatlar to‘plamini yuborishlari shart:

➖ Ingliz tilida to‘ldirilgan ariza;
➖ Professional kasbiy rivojlanishdagi rag‘bat va maqsadlar to‘g‘risida qisqacha esse (bayon), 2 varaqdan ortiq bo‘lmagan hajmda (Times New Roman, 12 o‘lchamda);
➖ Pasport, 3*4 rasm, diplom (ilovasi bilan) va tegishli guvohnoma, mehnat daftarchasi nusxalari pdf formatda;
➖ IELTS test sertifikati pdf formatda;
➖ Mavjud bo‘lsa, ilmiy-tadqiqot ishlari va tadqiqotlar, farmatsevtika soxasida olingan sertifikatlar pdf formatda, nashr etilgan maqolalar ro‘yxati - veb-manzil havolalari bilan.

Arizangizni www.form.uzpharmagency.uz manzilida to‘ldirib qoldirishingiz mumkin. Arizalar 2022 yil 31 mart soat 18:00 gacha qabul qilinadi.

▪️ Murojaat uchun: (71) 234-19-27, (71) 203-81-81
▪️ Email: farmagentlik@ssv.uz

“Tashkent Pharma Park”ning zamonaviy, ilmli mutaxassislari bo‘la olishingizni xis etish vaqti keldi. Harakat sizdan, imkoniyat esa bizdan!

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech