O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 64 yoshni qarshi oldi

Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 1957 yil 24 iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokor oilasida tug‘ilgan. Millati - o‘zbek. Oliy maʼlumotli, 1981 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan. Muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega. Texnika fanlari nomzodi, dotsent.

Mehnat faoliyatini 1981 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o‘qituvchi, dotsent, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishladi.

1990 yili Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylanib, ayni vaqtda Mandat komissiyasining raisi sifatida ham faoliyat ko‘rsatdi.

1992 yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. 1996-2001 yillarda Jizzax viloyati hokimi, 2001-2003 yillar mobaynida Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlab, mazkur tuman va viloyatlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi.

Ijro hokimiyatidagi faoliyati bilan bir paytda 1995-2003 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati sifatida ham mamlakatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda demokratik islohotlarni amalga oshirish borasidagi muhim qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida faol ishtirok etib, samarali faoliyat olib bordi.

Sh.M.Mirziyoyev 2003 yilda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri etib tasdiqlandi va ushbu lavozimga yana uch marta - 2005, 2010, 2015 yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlandi.

Sh.M.Mirziyoyev mamlakatimiz mustaqillikka erishgan ilk kunlardan boshlab O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning yuksak ishonchini qozonib, uning yaqin safdoshi va maslakdoshi sifatida samarali faoliyat olib bordi.

Mazkur davrda Mirziyoyev "Mehnat shuhrati" va "Fidokorona xizmatlari uchun" ordenlari bilan taqdirlangan.

O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti vafotidan so‘ng, 2016 yil 8 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida parlament palatalarining qo‘shma qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarish vaqtincha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklandi. 2016 yilning 4 dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev 88,61 foiz ovoz bilan O‘zbekiston Prezidenti etib saylangan. 

Sh.M.Mirziyoyev ikki qiz va bir o‘g‘ilning otasi. Olti nafar nabirasi bor. Rafiqasi Z.MHoshimova - mutaxassisligi bo‘yicha muhandis-iqtisodchi. Katta qizi Saida Mirziyoyeva Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari lavozimida, kichik qizi Shahnoza Mirziyoyeva Maktabgacha taʼlim vazirligida faoliyat yuritadi.

Fursatdan foydalanib, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi nomidan davlatimiz rahbarini ushbu tabarruk yoshlari bilan chin dildan muborakbod etib, ularga xalq farovonligi, yurt ravnaqi yo‘lidagi faoliyatlarida kuch-g‘ayrat va omadlar tilab qolamiz.

Tug‘ilgan kuningiz muborak bo‘lsin, Janob Prezident!

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech