O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov koreyalik ishbilarmonlar bilan uchrashdi

Avval xabar berganimizdek, viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi delegatsiya 24-27 avgust kunlari Janubiy Koreyaga xizmat safarida bo‘lishgan edi. Tashrif doirasida mazkur mamlakatning yirik shaharlari rahbariyati, idoralar va yirik kompaniyalari mutasaddilari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazilgandi. Xususan, “GEMSS HEALTHCARE” kompaniyasi bilan tibbiyotda qo‘llaniladigan rentgen uskunalari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha Memorandum imzolangandi.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, amaliy ishga kirishilmoqda. Aniqrog‘i, viloyat hokimi Botir Zaripov “GEMSS HEALTHCARE” kompaniyasi prezidenti Jong-Ri Park boshchiligidagi ishbilarmon doira vakillarini qabul qilib, tashrif davomida belgilangan yo‘l xaritasiga muvofiq saʼy-harakatlarni davom ettirish masalalarini muhokama qildi.

O‘zaro muloqot davomida Buxoro shahridagi “Tibtexnika” O‘zbekiston-Janubiy Koreya qo‘shma korxonasi qoshida tashkil etilishi ko‘zda tutilgan loyiha doirasida tuzilgan ikki tomonlama Memorandum yuzasidan bajariladigan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Shuningdek, uchrashuvda Buxoro muhandislik texnogiya instituti bilan hamkorlikda rentgen uskunalari ishlab chiqarish jarayoniga malakali kadrlarni jalb qilish masalasida ham kelishib olindi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech