O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Chilonzor tumanida kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini sotgan dorixona norasmiy sotuvchisi ushlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Chilonzor tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, “S.” MCHJga qarashli dorixona norasmiy sotuvchisi U.X. va boshqalar xaridorga inson salomatligiga kuchli taʼsir qiluvchi 3 dona “Regapen” va 2 dona “Zardeks” nomli dori vositalarini jami 90 ming so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, tadbir davomida dorixonada muomalaga kiritish uchun saqlab kelinayotgan 17 dona “Tropikamid”, 19 dona “Regapen”, 54 dona “Selofen” va 63 dona “Zardeks” dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Ekspertiza xulosasida 65 dona kapsuladagi “Zardeks” dori vositasi qalbakiligi, shuningdek ushbu dori vositalari tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjudligi qayd etilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini o‘tkazish, shuningdek tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Hurmatli fuqarolar, unutmang! Tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud dori vositalarini notibbiy maqsadlarda isteʼmol qilish inson salomatligiga jiddiy xavf tug‘diradi. Shu bois, ushbu dori vositalarini faqat shifokor retsepti asosida maxsus litsenziyaga ega bo‘lgan dorixonalardan xarid qilishingizni so‘rab qolamiz.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech