O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Davlat markazining farmakologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Baxtiyor Shaislomov 69 yoshida vafot etdi

O‘zbekiston farmatsevtikasi og‘ir judolikka uchradi. Yirik olim va pedagog, sog‘liqni saqlash sohasining taniqli arbobi B.Shoislomov vafot etdi.

Baxtiyor Shoislomov 1953 yil 1 yanvarda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent Davlat Tibbiyot institutining stomatologiya fakultetini tugatgach, mehnat faoliyatini 1974 yilda Toshkent Davlat tibbiyot institutida boshlagan. U 2020 yilga qadar Toshkent tibbiyot akademiyasining Farmakologiya kafedrasida turli lavozimlarda ishlab kelgan. 2006 yilda farmakologiya kafedrasi professori ilmiy unvoniga sazovor bo‘lgan.

Ilmiy va pedagogik faoliyati bilan bir paytda B.Shoislomov respublikamiz sog‘liqni saqlash tizimida tashkilotchi sifatida faol ish olib bordi. Xususan, 1996 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining bo‘yrug‘i bilan Dori vositalari va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish Bosh boshqarmasi boshlig‘ining muovini, 1998 yildan esa Farmakologiya qo‘mitasi raisi lavozimlarida samarali ishlagan. Ushbu davrda B.Shoislomov xorijiy va maxalliy dori vositalarini farmakologik jixatdan ekspertizadan o‘tkazish ishlarini takomillashtirish, klinik oldi va klinik tadqiqotlarni jahon talablari darajasida o‘tkazilishiga erishish borasida faol mehnat qilgan.

B. Shoislomovning shaxsiy tashabbusi bilan farmakologiya qo‘mitasida dori vositalarining nojo‘ya taʼsirini o‘rganishga qaratilgan yangi yo‘nalish, farmakologik nazorat tizimi joriy etilgan. Ushbu faoliyat yangi taxrirdagi Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga farmakologik nazorat tamoyillari ilk bor alohida modda bilan kiritilishiga asos bo‘lgan. Qonunning ushbu bandi doirasida dori vositalarining nojo‘ya taʼsirini aniqlash va ularning bezazarligiga erishish borasida B. Shoislomov raxbarligida amalga oshirilgan ishlar Umumjahon Sog‘liqni Saqlash tashkiloti tomonidan yuqori baholangan va natijada O‘zbekiston Respublikasi 2006 yilda “Dori vositalari xavsizligi monitoringi xalqaro Markazi”ga xaqiqiy aʼzo sifatida qabul qilingan. Bu esa O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni Saqlash vazirligi, vrach va farmatsevt xodimlari, dori vositalarni ishlab chiqaruvi xorijiy va maxalliy kompaniyalar tomonidan aholini samarali va bezarar dori vositalari bilan taʼminlashga qaratilgan keng qo‘lamli chora-tadbirlar o‘tkazish imkonini bergan.

Bu boradagi faoliyatni yanayam rivojlantirish maqsadida B. Shoislomov tomonidan farmatsevtika sohasining yetakchi olimlari bilan xamkorlikda vrach, klinik farmakolog, klinik farmatsevt, sog‘liqni saqlash tashkilotchilari va ilmiy xodimlariga mo‘ljallangan maxsus qo‘llanma chop etilgan va bu qo‘llanma hozirga qadar soxa mutaxassislari uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

B. Shoislomov rahbarligi davrida Farmakologiya qo‘mitasi tomonidan aholini dori vositalarining qo‘llanilishiga oid sifatli yo‘riqnomalar bilan taʼminlashga doir katta ishlar amalga oshirilgan. Xususan,  shaxsan B. Shoislomovning tashabbusi bilan Rossiyadagi “AstraFarmServis”  tashkiloti bilan xamkorlikda respublikamizda 2006, 2008, 2010 yillar mobaynida “O‘zbekiston Respublikasida ruxsat etilgan VIDAL dori vositalari to‘plami” chop etilgan va farmatsevtlar, vrachlar, tibbiyot va farmatsevtika oliy o‘quv yurtlari talabalariga bepul tarqatilgan.

Tibbiyot fanlari doktori B.Shoislomov bir qator xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarda mamlakatimizda dori vositalarni ro‘yxatdan o‘tkazish, hamda farmakologiya qo‘mitasi faoliyatining dolzarb masalalari bo‘yicha taqdimotlar bilan ishtirok etgan.

Mahalliy va xorijiy dori vositalarni ekspertizasini o‘tkazish bilan bir qatorda B.Shoislomov tomonidan respublikamiz uchun dolzarb bo‘lgan masala — biologik faol qo‘shimchalarda dori vositalarga xos xususiyatlar bo‘lmasligi va ulardagi faol moddalar dozalari dori vositasi sifatida ro‘yxatga olinmaganligiga oid xulosa berish ishlari amalga oshirilgan.

Professor B. B.Shoislomov 200 ga yaqin  ilmiy maqola, 2 monografiya muallifi. Uning rahbarligi ostida 1 ta nomzodlik dissertatsiyasi yoqlangan. 

B.Shoislomov o‘z faoliyati davomida respublikamizning farmatsevtika sohasini rivojlantirish, uni davr talablariga mos ravishda takomillashtirish, pirovardida, milliy farmatsevtika bozorini sifatli va bezarar dori vositalari bilan taʼminlash orqali aholi salomatligini mustahkamlash yo‘lida astoydil jonkuyarlik ko‘rsatdi. U O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash, xususan, milliy farmatsevtika sohasi uchun ko‘plab yuqori salohiyatli kadrlar tayyorlash borasida salmoqli hissa qo‘shdi.

Jonkuyar olim va g‘amxo‘r pedagog, yuksak masʼuliyatli rahbar sifatida professor B. Shoislomovning yorqin xotirasi qalbimizda abadiy qoladi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish 
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech