O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

DBQ: Sifati kafolatlanmagan dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi

Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda tibbiy dori vositalari va buyumlarining noqonuniy saqlanishi hamda savdosiga qarshi kurashish borasida tezkor tadbir o‘tkazishdi.

Tadbir davomida, fuqaro I.D. boshqaruvidagi “Matiz” rusumli avtotransport vositasi kuzatuvga olindi va Guliston shahri hududida to‘xtab turgan vaqtida, tadbir ishtirokchilari tomonidan ko‘zdan kechirildi.

Natijada avtomashinaning saloni va yukxonasida fuqaro I.D hamda fuqaro A.A.ga tegishli, chet davlatda ishlab chiqarilgan, jami 500 dona hujjatlarsiz tibbiy dori vositalari borligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan tezkor tadbir davom ettirilib, fuqaro U.U.ning yashash xonadoniga borildi va u yerda turgan “Lasetti” rusumli avtotransport vositasi belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi. Tekshiruv davomida, uning ichida xorijda ishlab chiqarilgan, 2 turdagi tibbiyot buyumlari borligi maʼlum bo‘ldi.

O‘tkazilgan  tezkor tadbir davomida umumiy qiymati 210,5 million so‘mdan ortiq, jami 4660 dona dori vositalari va tibbiyot buyumlari ashyoviy dalil sifatida vaqtincha saqlovga olindi. Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech