O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Dori-darmonlarni taqsimlash bo‘yicha “omborxona” dasturi ishlab chiqilmoqda

Kecha AOKA majlislar zalida “Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida bo‘lib o‘tgan anjumanda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Basitxanova qatnashdi.

Harakatlar strategiyasi hamda “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturining ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida 2020 yilda Davlat dasturi ijrosi doirasida tibbiyot tizimida amalga oshirilgan islohotlar to‘g‘risida maʼlumot berildi.

— Sog‘liqni saqlash tizimidagi 2020 yil Davlat dasturi ijrosi haqida so‘zlashdan oldin bu yil O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi uchun sinovli yil bo‘lganini qayd etmoqchiman, — deydi vazir o‘rinbosari Elmira Basitxanova. — Ayni paytda ham vazirlik xodimlari va tibbiyot vakillari dunyodagi barcha mamlakatlarni tahlikaga solib qo‘ygan “SOVID-19” infeksiyasi ommalashishiga qarshi bor imkoniyatini ishga solib mardonavor va samarador kurash olib bormoqda. Shunga qaramasdan, Davlat dasturida Sog‘liqni saqlash tizimida islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ham o‘z o‘rnida to‘laqonli bajarib kelinmoqda. Davlat dasturining 25 ta bandida Sog‘liqni saqlash vazirligiga turli vazifalar yuklangan.

Anjumanda keltirilgan maʼlumotlarga ko‘ra, Davlat dasturidagi tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha tibbiyot obyektlarida 789,7 mlrd. so‘mlik ishlar bajarildi. Jumladan, respublikamiz bo‘ylab 184 ta obyektda qurilish taʼmirlash ishlari yakunlandi.

Shuningdek, joriy yilda sohaga zamonaviy kompyuter texnologiyalariga asoslangan raqamli iqtisodiyotni tatbiq etishga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, 2020 yilda “Bemor” avtomatlashtirilgan axborot tizimi yaratilib (bemor.ssv.uz) ishga tushirildi. Ushbu tizimga hozircha 47 ming nafardan ortiq bemor, 100 ta tibbiy muassasa haqida maʼlumotlar kiritilgan.

Ayni paytda dori-darmonlarni to‘g‘ri taqsimlanishi hisobini yurituvchi “Omborxona” dasturi ishlab chiqilmoqda. Albatta, sohaga bu kabi zamonaviy kompyuter texnologiyalariga asoslangan raqamli iqtisodiyotning joriy etilishi inson omilini kamaytirib, korrupsiya singari turli illatlarning oldi olinishi bilan birga aholiga tez va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilishini ham taʼminlaydi. Dastur ijrosi borasidagi ishlar davom ettirilmoqda.

Anjuman so‘ngida vazirlik mutasaddilari OAV vakillari va tadbir ishtirokchilarining savollariga tegishlicha javoblar berishdi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech