O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

"Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi” laboratoriya mudiri Nozima Nuriddinova 64 yoshida vafot etdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi” Davlat unitar korxonasi “Vaksina, zardob preparatlari va mikrobiologik tahlil” laboratoriyasi mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor Nuriddinova Nozima Ramizovna 64 yoshida vafot etdi.

N.R.Nuriddinova 1957 yil 18 iyul kuni Toshkent shahrida tug‘ilib, 1980-yilda O‘rta Osiyo Meditsina pediatriya institutini tamomlaganlar.

Mehnat faoliyatlarini 1980 yilda Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish institutida kichik ilmiy xodim lavozimida ishlashdan boshlab, keyinchalik 1982-1991 yillarda Toshkent Vaksina va zardoblar ilmiy-tekshirish institutida kichik ilmiy xodim, ilmiy xodim, katta ilmiy xodim sifatida faoliyat ko‘rsatganlar. O‘sha vaqtlarda  Markaziy Boshqaruvga (to‘g‘ridan-to‘g‘ri Moskvaga) bo‘ysungan ushbu ilmiy dargohda ishlovchi ilmiy hodimlarga alohida o‘ta yuqori talablar joriy etilgan bo‘lib, ular tarafidan yaratilgan ilmiy ishlanmalar nafaqat O‘zbekistonda, balki butun sobiq SSSR respublikalari va chet ellarda amaliyotga joriy etilgan.

Prof. N.R.Nuriddinova tomonlaridan o‘sha vaqtlarda yaratilgan qator vaksina va zardob preparatlarining samaradorligi va bezararligi yuqori baxolangan bo‘lib, ular bugungi kungacha ham insonlar sog‘lig‘ini saqlash yo‘lida hizmat qilib kelmoqda.

1991-2005 yillarda - “Vaksinalar” Ilmiy Ishlab Chiqarish Boshqarmasi AKDS vaksinasi bo‘lim boshlig‘i, katta ilmiy xodimi, laboratoriya mudiri lavozimlarida ishlaganlar.

Respublikamiz Mustaqilligining ilk davriga to‘g‘ri kelgan, avvaldan mavjud bo‘lgan ilmiy-amaliy va iqtisodiy aʼloqalar uzilgan bu yillar davomida korxonani faoliyatini saqlab qolish va uni davom ettirish vazifasi amalda N.R.Nuriddinovaning zimmasiga tushgan edi.

Vaksina va zardob preparatlar sohasida Respublikamizdagi yirik mutaxassislardan bo‘lgan olima bu vazifani ham sharaf bilan ado eta bildi.

Prof. N.R.Nuriddinova 2005 yildan hayotlarini oxirigacha “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi” Davlat unitar korxonasi “Vaksina, zardob preparatlari va mikrobiologik tahlil” laboratoriyasi mudiri lavozimida faoliyat ko‘rsatib keldilar. Ushbu davr mobaynida laboratoriyaning tizimi va uning ish faoliyati xalqaro standartlar talablari darajasida tubdan o‘zgartirilib, qaytadan tashkillashtirildi.

Bugungi kunda “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi” Davlat unitar korxonasi laboratoriyalarini Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan eʼtirof etilishida, Davlat Markazini xalqaro ISO standartlari talablari bo‘yicha 2010-yildan boshlab xalqaro akkreditatsiyadan muvafaqqiyatli o‘tib kelayotganligida prof. N.R.Nuriddinovaning alohida xizmatlari bordir.

Olima boshchiliklarida laboratoriyada yuzdan ortiq standart operatsion protseduralar (SOP) ishlab chiqilib amaliyotga joriy etildi. Ular rahbarliklarida chuqur ilmiy-amaliy qo‘llanmalar, davlat standartlari va rahbariy hujjatlar yaratilib amaliyotga joriy etildi. Bu ishlanmalar bugungi kunda respublikamiz aholisini samarali va bezarar dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlashga xizmat qilib kelmoqda.

Prof. N.R.Nuriddinova xalqaro miqyosda tashkil etilgan bir qancha ishchi va ekspert guruhlari aʼzosi edilar. Ular tomonlaridan qator xalqaro anjumanlarda O‘zbekistonning dori vositalari muomalasi sohasidagi yutuqlari to‘g‘risida taqdimotlar qilingan.

Prof. N.R.Nuriddinova bir qancha xalqaro miqyosda tashkil etilgan malaka oshirish o‘quv kurslarini o‘tab, davlatlararo amal qiluvchi sertifikatlarga ega edilar.

Ustoz N.R.Nuriddinova shogirdariga va hamkasblariga o‘ta mehribon, eʼtiborli va maslahatdosh bo‘lganliklari bilan birgalikda, alohida talabchan qatʼiyyatlikni namoyon qilib keldilar.

N.R.Nuriddinova 2019 yildan boshlab Biologik preparatlar va mikrobiologik tadqiqotlar bo‘yicha ixtisoslashgan ekspert komissiyasining raisi, Tahririyat kengashi aʼzosi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasi 1-nashri, 1-jildini o‘zbek va rus tillarida ishlab chiqishga sitqidildan yondashdilar.

O‘zlarining ko‘p yillik ilmiy-amaliy tajribalarini qo‘llagan holda bir qancha umumiy va xususiy farmakopeya maqolalari loyihalarini ishlab chiqishni tashkil etib, bu faoliyatni boshqara bildilar.

Prof. N.R.Nuriddinova tomonlaridan vaksina va zardob preparatlar muomalasining takomillashtirish, ularni ishlab chiqarish va sifat nazoratini amalga oshirish borasida qilgan hizmatlari rahbariyat tomonidan munosib ravishda taqdirlangan bo‘lib, ular O‘zbekison Respublikasi Sog‘liqni saqlash aʼlochisi, O‘zbekison Respublikasi Mustaqilligining yigirma, yigirma besh, o‘ttiz yilligi ko‘krak nishonlari va ko‘plab yorliqlar bilan taqdirlanganlar.

Tibbiyot fanlari doktori, professor N.R.Nuriddinovaning ilmga chanqoqlik bilan ortirgan yuqori tajribalari, atrofdagilarga va shu jumladan shogirdlariga bo‘lgan eʼtibor, mehr-muhabbat, mexnatsevarlik, ishbilarmonlik kabi hususiyatlarga yo‘g‘rilgan yorqin xotiralari mamlakatimiz va chet el farmatsevtika va tibbiyot xodimlari xotirasida abadiy qoladi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi sohaning yetuk mutaxassisi, jonkuyar hamkasbimiz, o‘z sohasida chuqur bilimga ega o‘ziga berilgan vazifalarni puxta bajarishi bilan yoshlarga o‘rnak bo‘lgan Nuriddinova Nozima Ramizovnaning vafoti munosabati bilan uning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish 
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech