O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Dori vositalari va tibbiy buyumlarni markirovkalash tizimi bo‘yicha videokonferensiya o‘tkazildi

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va “Berlin Xemi AG” kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tashabbusi bilan dori vositalari va tibbiy buyumlar markirovkasi bo‘yicha tajriba loyihasini amalga oshirish borasida videokonferensiya o‘tkazildi.

Davlat soliq qo‘mitasi, "Asl belgisi" tovarlarni raqamli markirovkalash va kuzatilishi bo‘yicha milliy axborot tizimi operatori “CRPT TURON” MCHJ, farmatsevtik mahsulotlar ishlab chiqaruvchi Xorijiy kompaniyalar vakilliklari uyushmasi hamda  70 dan ziyod yirik xorijiy kompaniyalar vakillari ishtirok etgan videokonferensiyada Agentlik nomidan Agzam Nartayev qatnashdi.

Onlayn uchrashuvda “CRPT TURON” MCHJ bilan tajriba loyiha davrida markirovka borasida shartnoma imzolash, markirovka kodlari uchun to‘lov qilinishi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 6269-sonli farmonidan kelib chiqqan holda xorijlik yuridik shaxslar tomonidan elektron raqamli imzo olinishi, markirovkani joriy qilish muddati va bosqichlari, dori vositalari hamda tibbiy buyumlarning maketlarga o‘zgartirish kiritilgandan keyingi importi va savdosi masalalari muhokama qilindi.

Agzam Nartayev yig‘ilganlarni qiziqtirgan savollarga javob berar ekan, tajriba loyiha qatnashchilarining dori vositalari va tibbiy buyumlari maketlaridagi o‘zgarishlar 20 kalendar kuni ichida bepul qayta ro‘yxatdan o‘tkazilishi haqida Farmatsevtika tarmog‘ining rivojlantirish agentligi direktorining 9.06.2021 yildagi №70-sonli buyrug‘i mavjudligini taʼkidladi.

Shuningdek, dori vositalari va tibbiy buyumlar maketlariga o‘zgartirishlar kiritishdan oldin ishlab chiqarilgan mahsulotlarni import qilish jarayonidagi sertifikatsiya qilish bo‘yicha “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUKning Farmakopeya qo‘mitasi, Yangi tibbiy texnika qo‘mitasi, Ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi va Tibbiy mahsulotlarni sertifikatlash organi ekspertlari bilan uchrashuv va muzokaralar olib borish haqida kelishildi.

“Berlin Xemi AG” kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakili Otabek Madjidov hozirgi kunda mavjud normativ hujjatlarga asosan, xorijiy kompaniyalarning vakolatxonalariga marketing faoliyatidan tashqari tijorat faoliyati olib borish mumkin emasligi haqida so‘zlab o‘tdi.

“CRPT TURON” MCHJ vakili Anatoliy Bachikalov so‘zga chiqib, 2021 yil 20 maydagi VMQ-322 sonli qarorga asosan raqamli markirovka kodlari uchun to‘lovlar milliy valyutada yaʼni so‘mda qabul qilinishini, ammo ehtiyojlardan kelib chiqqan holda, to‘lovlarni xorij valyutasida qabul qilish borasida Vazirlar Maxkamasiga taklif berilishini maʼlum qildi.

Davlat bojxona qo‘mitasi omborxonalarida raqamli markirovka kodlarini stiker orqali mahsulotlarga yorliqlash uchun texnik shart-sharoitlar yetarli bo‘lmagani bois, bu usul maqsadga muvofiq emas deb topilgani aytib o‘tildi.

Hozirgi paytda, raqamli markirovkalash amaliyoti qo‘llanilayotgan davlatlar uchun Rouming kodlar ishlab chiqish masalasi yo‘lga qo‘yilgani maʼlum qilindi. Ishlab chiqaruvchi Rossiya bozori uchun raqamli markirovka kodlari bilan ishlab chiqargan dori mahsulotlarini O‘zbekistonda sotmoqchi bo‘lsa, Rossiyadagi kuzatish axborot tizimi orqali aylanmadan chiqarib, O‘zbekistondagi «Asl belgisi» milliy axborot tizimiga kiritishi zarur bo‘lishi taʼqidlandi

Dori vositalarining qadoqlaridagi yozuvlar emas, yo‘riqnomasi davlat tilida bo‘lishi kerakligi, markirovka kodlarini olish imkoni bo‘lgan yuridik shaxs dori vositalari muomalaga kiritilganidan so‘ng aylanmasini kuzatishi mumkinligi haqida maʼlumotlar berildi.

Kompaniyalar shaxsiy kabinetga kirish uchun “CRPT TURON” MCHJ bilan tajriba loyihada ishtirok etish to‘g‘risida shartnoma tuzishlari kerak bo‘ladi.

Kodlarni olish yo‘l-yo‘riqlari ko‘rsatilgan videolavha tez kunlarda tayyorlanib, https://crpt-turon.uz// saytiga joylanadi.

Mavzu yuzasidan paydo bo‘ladigan savollar uchun quyidagi havola orqali maxsus so‘rovnoma yaratilgan bo‘lib, bu so‘rovnomaga kiritilgan savollar tegishli organ tomonidan javobsiz qolmaydi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech