O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishni tashkil etish tartibi va shartlari nimalardan iborat?

Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishda davlat standartlari, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablariga, yong‘in xavfsizligi qoidalariga, mehnat muhofazasi qoidalariga, texnika xavfsizligi qoidalariga va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi boshqa normativ hujjatlarga rioya etilishi taʼminlanishi kerak.

Dorixonalar tegishli davlat standartlari talabiga muvofiq dori vositalarini va tibbiy buyumlarni saqlash va chakana realizatsiya qilishda ularning sifatini, xavfsizligini va bezararligini taʼminlash talabiga javob beradigan tegishli bino, asbob-uskunalar va jihozlarga ega bo‘lishi kerak.

➖ Dorixona mudiri oliy farmatsevtik maʼlumotga ega bo‘lishi kerak. Dorixona filialining mudiri oliy yoki o‘rta maxsus farmatsevtik maʼlumotga ega bo‘lishi kerak.
➖ Dori vositalarini chakana realizatsiya qilishga faqat farmatsevtik maʼlumotga ega bo‘lgan mutaxassislarga ruxsat etiladi.
➖ Dorixonalar tomonidan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni tayyorlash, berish, realizatsiya qilish qoidalariga va ularning sifatini taʼminlovchi saqlash sharoitlariga rioya etishi kerak.
➖ Dori vositalari va tibbiy buyumlarni dorixonalardan tashqarida sotish taqiqlanadi.

Chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotish ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qatʼi nazar, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qo‘llanilgan holda amalga oshiriladi;

Chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori vositalari va tibbiyot buyumlari ijtimoiy dorixonalar tomonidan ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qatʼi nazar, xarid qilish narxi yoki ulgurji narxning 10 foizidan ortiq bo‘lmagan cheklangan savdo ustamasi ko‘llanilgan holda chakana sotiladi.

Belgilangan tartibda sertifikatlanishi lozim bo‘lgan dori vositalari va tibbiy buyumlarni muvofiqlik sertifikatlarisiz chakana realizatsiya qilish taqiqlanadi.

➖ Sifatsiz, qalbakilashtirilgan, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalarini xarid qilish, chakana realizatsiya qilish hamda ulardan foydalanish taqiqlanadi.
➖ Dorixonalar dori vositalarining qo‘llanilishi chog‘ida nojo‘ya reaksiyalar aniqlangan barcha holatlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligini belgilangan tartibda yozma shaklda xabardor qilishi shart.
➖ Dorixonalar farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyaning raqami, amal qilish muddati, shuningdek litsenziya bergan organ to‘g‘risidagi maʼlumotlarni yoki litsenziya nusxasini isteʼmolchilar tanishishi uchun qulay bo‘lgan joyga joylashtirishi kerak.
➖ Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning chakana realizatsiyasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
➖ Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni elektron tijorat orqali chakana realizatsiya qilish taqiqlanadi.
➖ Dori vositalari va tibbiy buyumlarni tayyorlash tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan dorixonalar tomonidan amalga oshiriladi.
➖ Dori vositalari dorixonalarda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori moddalaridan (substansiyalardan) tayyorlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan tayyorlashga ruxsat etilgan dori vositalari ro‘yxatiga kiritilmagan dori vositalarini tayyorlash taqiqlanadi.

➖ Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni tayyorlash, shuningdek ularni saqlash, sifatini nazorat qilish hamda rasmiylashtirish O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi belgilaydigan tartibda dorixonalar tomonidan amalga oshiriladi.

Asos: Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 6 apreldagi 185-son qaroriga 2-ilova

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech