O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Dori vositalarining chakana savdosida jamoatchilik nazoratini joriy etish bo‘yicha tuzilgan ishchi guruh yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 26 oktyabrdagi “Aholini sifatli dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-411-son qaroriga muvofiq, sohada bir qator muhim vazifalar belgilandi.

Jumladan, ushbu qarorning 5-bandiga ko‘ra, dori vositalarining chakana savdosida jamoatchilik nazoratini joriy etish maqsadida 2023 yil 1 maydan boshlab, jismoniy shaxslar tomonidan sotib olingan dori vositalari uchun dorixonalar tomonidan taqdim etiladigan xarid chekining fiskal belgisi matritsali shtrix kod (QR-kod) yordamida skanerlash orqali, soliq organlarining maxsus mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilganda dori vositalari narxlari Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining axborot tizimidagi dori vositalarining chakana referent narxlari bilan avtomatik tarzda solishtirilishi belgilandi.

Mazkur qaror ijrosini o‘z vaqtida va sifatli taʼminlash maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi vakillaridan iborat ishchi guruh tuzildi.

Joriy yilning 2 dekabr sanasida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida ishchi guruh aʼzolarining ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda qarorda nazarda tutilgan tizimni joriy etishda masʼul vazirlik va idoralararo o‘zaro maʼlumot almashish, tizimlar integratsiyasi va boshqa masalalar yuzasidan takliflar bildirildi va o‘zaro hamkorlik bo‘yicha kelishib olindi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech