O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Dori vositalarining O‘zbekiston hududidan tashqariga olib chiqilishi 1 oktyabrga qadar to‘xtatildi

Vazirlar Mahkamasining “Koronavirus pandemiyasi davrida dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar muomalasini tartibga solishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, “O‘zstandart” agentligi va Davlat bojxona qo‘mitasining 2020 yil 1 oktyabrga qadar bo‘lgan muddatda:

muvofiq ro‘yxatdagi tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar, shu jumladan kislorod konsentratorlar, puls oksimetrlari hamda sink, magniy, selen yoki vitamin “D” moddalarini saqlovchi biologik faol qo‘shimchalar import qilinganda va mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilganda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmasdan va majburiy sertifikatlashtirilmasdan bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish (import qilinganda) va realizatsiya qilish;

muvofiq ro‘yxatdagi dori vositalari import qilinganda va mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilganda ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazmasdan hamda 5 kunlik muddatda sertifikatlashtirish (faqat ayrim kimyoviy tahlillarni o‘tkazgan holda) asosida bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish (import qilinganda) va realizatsiya qilish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi.

Belgilanishicha, nazarda tutilgan tartib asosida tibbiy buyum, tibbiy texnikalar, shu jumladan kislorod konsentratorlar, biologik faol qo‘shimchalar va dori vositalari importi bilan shug‘ullanuvchi va mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar:

mahsulot sifati va xavfsizligi uchun javobgar hisoblanadi hamda o‘zlari tomonidan realizatsiya qilingan mahsulot haqidagi maʼlumotlarni mahsulot realizatsiya qilingan kundan boshlab 5 kun ichida Agentlikka taqdim etishlari shart;

dori vositalarini ayrim kimyoviy tahlillarni o‘tkazgan holda sertifikatlashtirish uchun dori vositasining qadog‘ida xalqaro patentlanmagan nomini o‘zbek yoki rus yohud ingliz tilida ko‘rsatilishini taʼminlagan holda ishlab chiqaruvchi korxonaning sinov bayonnomasini va sinov usullari ko‘rsatilgan hujjatni taqdim etishlari shart.

Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalarning O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga olib chiqilishi (reeksport bojxona rejimi bundan mustasno) 2020 yil 1 oktyabrga qadar vaqtinchalik to‘xtatildi.

Bunda, ayrim dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalarni eksport qilishga ruxsat O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Agentlikning qo‘shma xulosasi asosida ruxsat beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi hamda Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari respublika hududidan dori vositalari va tibbiy buyumlarning noqonuniy olib chiqib ketilishi ustidan qatʼiy nazorat o‘rnatadi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech