O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

"Dorivor o‘simliklar mahsulotlari taʼminotida ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi" mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 15 dekabr kuni Toshkent davlat agrar universitetida dorivorchilik sohasini rivojlantirishga doir "Dorivor o‘simliklar mahsulotlari taʼminotida ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi" mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyada dorivorchilik sohasiga aloqador 19 vazirlik va tashkilotlardan jami 105 nafar rahbar va xodimlar jumladan, dorivor o‘simliklar yetishtirish, tayyorlash va qayta ishlash borasida amaliy va ilmiy-pedogogik faoliyat olib borayotgan oliy taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasalari vakillari hamda fermer va o‘rmon xo‘jaliklari mutaxassislari ishtirok etishdi.

Tadbirda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi vakili Muhabbat Ibragimova ham so‘zga chiqib, respublikada yovvoyi holda o‘suvchi dorivor o‘simliklarni muhofaza qilish, madaniy holda yetishtirish, qayta ishlash va mavjud resurslardan oqilona foydalanish, sohaning eksport salohiyatini oshirishdagi dolzarb masalalar bo‘yicha maʼruza qildi.

Konferensiya doirasida tashkil qilingan "Dorivor o‘simliklar mahsulotlari" ko‘rgazmasida tadbir mehmonlari respublikadagi eng ilg‘or tajribaga ega bo‘lgan dorivor o‘simliklar yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxonalar mahsulotlari bilan yaqindan tanishishdi.

Konferensiya yakunida ishtirokchilarning sohani rivojlantirishga doir taklif va mulohazalari umumlashtirilib, istiqboldagi rejalar belgilab olindi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech