O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Dorixona xodimi bemorga dori vositasini tavsiya qilishi qanchalik to‘g‘ri?

Mazkur savol yuzasidan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori maslahatchisi Muhabbat Ibragimova fikrlari bilan qiziqdik.

— Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 6 apreldagi 185-son qarori bilan tasdiqlagan nizomga asosan amalga oshiriladi, — deydi Farmatsevtika fanlari nomzodi, dotsent Muhabbat Ibragimova.

— Tartibga muvofiq, dori vositasi va tibbiy buyumni berish paytida dorixonaning farmatsevtik maʼlumotga ega bo‘lgan xodimi dori vositasi va tibbiy buyumni sotib oluvchiga dori vositasi va tibbiy buyumni qo‘llash tartibi, xususan, qo‘llash davriyligi, bir marotabalik va sutkalik dozalari, qo‘llash usuli, saqlash tartibi, yaroqlilik muddati va boshqalar haqida maʼlumot berishi lozim.

Shuningdek, dorixona xodimi xaridor (isteʼmolchining) eʼtiborini dori vositasi va tibbiy buyumning qo‘llash yo‘riqnomasi bilan diqqat bilan tanishib chiqishga qaratishi kerak.

Taʼkidlash joiz, dorixona xodimi isteʼmolchining (yoki bemorning) holatiga qarab dori tavsiya qilishi shuningdek, davolovchi shifokorning ko‘rsatmasiga binoan retsept bilan beriladigan dori vositasini retseptisiz berishi albatta noto‘g‘ri deb bilaman. Chunki bemorning kasallik tarixi, uning tanasida yuz berayotgan fiziologik holat haqida to‘liq maʼlumotga ega bo‘lmasdan turib, o‘zboshimchalik bilan dori tavsiya qilish og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Qonunchilikka muvofiq, 2020 yil 1 iyuldan boshlab mulkchilik shaklidan va idoraviy mansubligidan qatʼi nazar barcha tibbiyot tashkilotlarida bemorga majburiy tartibda xalqaro patentlanmagan nom bo‘yicha retsept yozilishi belgilangan bo‘lib, bunda bemorga tayinlangan dori vositalari (halqaro patentlanmagan nomi, bir kunlik dozasi, qabul qilish yoki yuborish usuli, miqdori, davomiyligi va boshqalar) uning tibbiy hisob hujjatlarida (kasallik tarixi, ambulatoriya kartasi) qayd qilinadi va davolovchi shifokor tomonidan imzolanadi.

Afsuski shunga qaramasdan, ayrim dorixonalarda retsept bilan berilishi lozim bo‘lgan dori vositalarini retseptsiz berish holatlari kuzatilmoqda. Bu esa o‘zboshimchalik bilan davolanish hamda dori vositalarini tartibsiz isteʼmoli natijasida turli nojo‘ya taʼsirlarni keltirib chiqarmoqda.

Shu o‘rinda, yurtdoshlarimizdan dori vositalarini shifokor ko‘rsatmasiga binoan xarid qilishlari va ularni isteʼmol qilishda albatta qo‘llash yo‘riqnomasiga amal qilishlarini so‘rab qolaman.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech