O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Dorixonada beriladigan tovar va kassa cheki nima uchun kerak? Bu cheklarni berish majburiymi?

Savol: Dorixonada beriladigan tovar va kassa cheki nima uchun kerak?

Javob: Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 6 apreldagi 185-son Qarori bilan tasdiqlangan, "Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risida"gi nizomda, dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan birga sotib oluvchiga:

➖ identifikatsiya maʼlumotlari (nomi, dozasi, qadoqlash, miqdori),
➖ dori vositalari yoki tibbiyot buyumlarining nomi, ularni beruvchi shaxsga oid maʼlumotlar,
➖ berish sanasi va narxi ko‘rsatilgan tovar cheki berilishi haqida aytilgan.

Xo‘sh, bu masalada amaldagi qonunchilikda nima deyilgan? Kassa va tovar cheki berish majburiymi?

Mamlakatimizda 2020 yilning yanvar oyidan onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassalarga o‘tish jarayoni boshlandi.

Dorixonalarda har bir xarid QR kodli chek berish bilan birga amalga oshirilishi lozim. Bunday cheklar qonuniy faoliyatdan guvohlik beradi. Ular faqat onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassalardan beriladi.

Maʼlumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 6 sentyabrdagi “Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi hisob-kitoblar tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish hamda ushbu sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5813-sonli Farmonida quyidagilar belgilangan:

➖ to‘lov terminali orqali qabul qilingan to‘lovlar uchun xaridorlarga terminal cheki bilan birga onlayn nazorat-kassa mashinalari yoki virtual kassa cheki ham berilishi shart;
➖ xarid chekida tovarlar (ishlar, xizmatlar) nomi, miqdori, qiymati (narxi), summasi, qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi, shuningdek QR kod va fiskal belgi majburiy tartibda aks ettiriladi. Ushbu maʼlumotlar aks ettirilmagan cheklar haqiqiy hisoblanmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 221-moddasiga muvofiq:

☑️ nazorat-kassa texnikasining va (yoki) hisob-kitob terminallarining qo‘llanilishi majburiy bo‘lgani holda, ularni qo‘llamasdan savdo qilish va xizmat ko‘rsatish, chek bermaslik, to‘lovni hisob-kitob terminali orqali qabul qilishni rad etish besh million so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Hurmatli isteʼmolchilar, agar dorixonalarda tovar cheki birishni rad etish holatiga duch kelsangiz, shuningdek Sizga QR kodli chek berilmasa va plastik karta orqali xarid qilganingizda narx oshirilsa, Davlat soliq qo‘mitasining (71)244-98-98 raqamli ishonch telefoniga yoki Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligining 1159 ishonch telefoniga murojaat qilishingizni tavsiya qilamiz.

Tovar cheklarining ahamiyatli tomoni shundaki, agar isteʼmolchida dori vositasining narxi oshirilganligi xususida shubha yuzaga kelsa, uni aniqlash tovar cheklari orqali amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tekshirish uchun xarid qilish yoki nazorat natijalari bo‘yicha olingan dori vositalari va tibbiyot buyumlarining narxini belgilash bo‘yicha tartibni buzish faktini tasdiqlovchi tovar va kassa cheklari dorixonaning litsenziyasini to‘xtatib turish yoki tugatish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Hurmatli isteʼmolchilar, cheklarni talab qiling, sizni noto‘g‘ri tushinishidan qo‘rqmang. Siz olgan chek nafaqat sizning huquqlaringiz kafolati, balki insofli sotuvchining bahosi hamdir.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matubot xizmati bosh mutaxassisi Lochinbek Xudoyorov

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech