O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Dorixonadan chiqqan iste’dodlar. Faoliyatini farmasevtikada boshlagan buyuklar haqida eshitganmisiz?

Karl Shpisveg (1808 yil 5 fevral – 1885 yil 23 sentyabr)

Nemis rassomi, suratkash, illyustrator, bidermayer uslubining yorqin vakillaridan biri Myunxenda ishbilarmon oilasida tavallud topgan. Universitetning farmatsevtika yo‘nalishida taʼlim olgan Karl Shpisveg faoliyatini dastlab dorixonachining yordamchisi sifatida boshlagan, so‘ngra dorixonachi bo‘lib ishlagan, va bir vaqtning o‘zida rassomchilikni o‘rgangan.

Shpisveg ushbu kasbni Myunxenda ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tgan XVII asrda gollandiyalik ustalar tomonidan yaratilgan asarlar yordamida egallagan. Va XIX asrning 30-40 yillarida u satirik jurnallarda illyustrator va rassom bo‘lib ishlagan. Shu davr mobaynida Karl Shpisveg tomonidan yaratilgan asarlar unda inson tabiatining o‘ziga xos xususiyatlarini kuzatish bo‘yicha buyuk isteʼdod borligini namoyon etdi. 1940 yillarning oxirlarida Shpisveg ijodida yangi davr boshlanadi – u tabiatni aks etuvchi asarlar yaratishga eʼtibor qaratadi.

Karl Shpisveg asarlari jamoatchilik eʼtirofiga asta-sekin sazovor bo‘lgan. Rassom faoliyatidagi burilish davri 1867 yilga to‘g‘ri keldi. U yili Parijda Butunjahon ko‘rgazmasi o‘tkazilib, unda namoyish etilgan asarlari  Shpisvegga mashhurlik olib keldi. Ijodkor o‘zidan juda katta qoldirgan - 1500 dan ortiq rasm, akvarel va eskizlar.

Teodor Fontane (1819 yil 30 dekabr – 1898 yil 20 sentyabr)

Nemis klassik adabiyoti vakili Brandenburg viloyatining Noyruppin shaharchasida farmatsevt oilasida tug‘ilgan. O‘rnatilgan anʼanaga ko‘ra, u avlodlari ishini davom ettirishi kerak edi. Hatto birinchi toifadagi farmatsevt bo‘lish uchun imtihondan o‘tib Berlindagi dorixonachiga shogirdlikka tushadi  va bir kun kelib o‘z dorixonasini sotib olishni ham orzu qiladi.

Otasi bankrot bo‘lishi oqibatida hayotiy sharoitlar o‘zgarib ketadi va  anchagina yosh Teordor Berlin, Drezden, Leypsigdagi dorixonalarda farmatsevt sifatida ishlab pul topishga majbur bo‘ladi. Yoshgina Fontaneni birinchi adabiy opuslar yoza boshlashiga aynan nima undaganligi nomaʼlum, lekin ijodiy yo‘lga qadam qo‘yildi. Dorixonada bo‘sh vaqtlarida sheʼrlar, jurnallar uchun maqolalar, nasrlar yozgan. Va nihoyat 1849 yilda Teodor Fontane butun eʼtiborini to‘liq adabiy faoliyatga qaratdi va bu yo‘lda katta muvaffaqiyatga erishdi.

Fontanening adabiy merosi zamondoshlari va avlodlar tomonidan yuqori baholandi. 1998 yilda yozuvchi tug‘ilgan Noyruppinning shaharchasiga “Fontane shahri” unvoni berildi. Shuningdek, yozuvchiga bag‘ishlangan yodgorlik bo‘lib, hatto ishlagan dorixona binosi (“Lo wenapotheke”) saqlanib qolgan. Afsusli tomoni shundaki, yozuvchi biror bir asarini dorixona faoliyatiga bag‘ishlamagan.

Djon Uri Lloyd (1849 yil 19 aprel – 1936 yil 9 aprel)

Kolloid kimyo va o‘simliklar biokimyosi sohasidagi kashshof bo‘lgan amerikalik olim-farmakolog, ilmiy fantast yozuvchi sifatida ham mashhur bo‘lgan. Barchasi esa Amerikaning turli xil florasini odatiy tadqiq qilish bilan boshlangan.

Djon Uri Lloyd hech qachon o‘z faoliyatini faqat laboratoriya devorlari bilan cheklab qo‘yishga intilmagan. U g‘ayrat bilan dalalarga chiqib, turli ekzotik o‘simliklarni o‘rganish va antropologik maʼlumot to‘plash bilan ham shug‘ullangan. Mish-mishlarga ko‘ra, olim har doim ham o‘zining kashfiyotlarini ommaga oshkor qilmagan: ekspeditsiya paytida u tomonidan topilgan narkotik moddasi mavjud o‘simlik va ruhiyatga taʼsir qiluvchi qo‘ziqorin haqida biron bir ilmiy ishda zikr qilinmagan. Ushbu o‘simliklar insoniyatga faqat ziyon olib kelishi mumkinligidan qo‘rqqan.

Mashhur farmatsevt doktor Galloveyga yozgan maktubida amerika lianasidan olinadigan ekstraktining og‘riq qoldiruvchi xususiyatlarini ham tasvirlab bergan. Uning yozishicha, uning taʼsiri xuddi afyunnikiga o‘xshaydi va shu sababli bu kashfiyot sir tutilgani yaxshi. Va, aftidan, ushbu kashfiyot sirligicha qolgan.

Ehtimol, farmakognoziya muxlisi bu vositani o‘zida sinab ko‘rgan bo‘lishi mumkin. Balki, shuning uchun u tomonidan yozilgan adabiy asarlar fantastika janriga tegishli. Axir, maʼlum bir turdagi ruhiyatga taʼsir qiluvchi moddalar ostida, aqlga nimalar kelmaydi deysiz! Bu haqiqatmi yoki yo‘qmi, ehtimol biz buni hech qachon bilmaymiz. Ammo haqiqat shuki, Lloydga katta mashhurlik olib kelgan fantastik “Etidorpa, yoki Yerning oxiri” romanida asar qahramonining Kentukki shtati ostida cho‘zilgan ulkan g‘orlar tizimi bo‘ylab sayohat paytida topgan fanga nomaʼlum qo‘ziqorin tufayli ko‘zlari o‘ngida paydo bo‘lgan hayolotlar dunyosi tasvirlangan.

Yuqorida aytib o‘tilgan asarlardan tashqari Jon Uri Lloyd qalamiga  Stringtaun shahri aholisining kundalik hayoti haqida hikoya qiluvchi 6 ta realistik roman, 6 ta ilmiy monografiya va 5 mingga yaqin ilmiy davriy nashrlardagi maqolalar mansub.

Artur Konan Doyl (1859 yil 22 may – 1930 yil 7 iyul)

Sherlok Xolms yaratuvchisi sanʼat va adabiyotdagi yutuqlari bilan tanilgan oilada tug‘ilgan. Aniq ijodiy moyillikka qaramay, Artur keyinchalik oilasiga yordam berish uchun shifokorlikka o‘qishga qaror qiladi. Chunki, o‘sha davr shifokorlarining ijtimoiy iyerarxiyada mavqei juda yuqori bo‘lgan.

Universitetda o‘qiyotgan davrida Doyl pulga juda muhtoj bo‘lgan. Edinburgda ikkinchi kurs talabasini yordamchi qilib yollaydigan shifokor topilmadi. 1878 yilning yozida Sheffilddagi doktor Richardson “doktor” Doylning birinchi ish beruvchisi bo‘lib, u jamiyatning eng qashshoq qatlamidagi bemorlarga xizmat ko‘rsatgan.

Arturning vazifalari dori-darmonlarni tayyorlash bo‘ldi, ammo tajribasiz yordamchi bu kabi nozik ishning unddasidan chiqa olmadi. Uch hafta o‘tgach, doktor Richardson talaba Doyl bilan ishlashni to‘xtatadi. Yigitcha bir tiyin ham pul ololmay ketadi. Ammo bu hayotiy tajriba keyinchalik “Stark Monroning siri” romanida aks etadi.

Uilyam Sidni Porter (1862 yil 11 sentyabr – 1910 yil 5 iyun)

O Genri taxallusi bilan yaxshi tanilgan amerikalik hikoyalar ustasi, maktabni tugatgandan so‘ng, 1879 yilda amakisining dorixonasida ish boshladi. Va 1881 yilda, 19 yoshida, u farmatsevt litsenziyasini oldi.

Grinsboro dorixonasi ijtimoiy va madaniy hayot markazi bo‘lgan. Bu ish bo‘lajak yozuvchiga juda zerikarli tuyulgan bo‘lsa-da, aynan o‘sha yerda u o‘zining birinchi adabiy eskizlarini dorixonaning ichki ko‘rinishi va xaridorlar kuzatuvi asosida yaratgan. Dorixonadagi faoliyatining to‘rtinchi yilida, og‘ir irsiyat bilan bog‘liq bo‘lgan tinimsiz yo‘tal tufayli (Uilyamning onasi sil kasalligidan vafot etgan), u ishini tashlashga va davolanish uchun Texasdagi fermer xo‘jaligiga borishiga to‘g‘ri keladi.

Dorixona Uilyam Porterga keyinchalik hayotini tom maʼnoda saqlab qolgan kasbni berdi. Bank mablag‘larini talon-taroj qilishda ayblanib hibsga olingan Porter dorixonachi vazifasini bajarish orqali qamoqxonadagi hayotini biroz  yengillashtiradi. O Genri ijodida o‘ziga xos adabiy mahorat va hazil bilan bir necha bor dorixona mavzusiga murojaat qilib, dorilar va ularning qanday tayyorlanishi haqida yozgan.

Agata Kristi (1890 yil 15 sentyabr – 1976 yil 12 yanvar)

Dunyo tanigan detektiv asarlari qirolichasining markaziy mavzusi zahar yordamida qotillik bo‘lgan. Agata Kristi tomonidan yozilgan 80 ta asarning 41 tasida qotillik quroli sifatida strixnin, margimush, nikotin, morfin, va boshqa zaharli moddalar keltirilgan. Va bu umuman tasodif emas edi. Mashhur ingliz yozuvchisi xavfli zaharli dorilar va giyohvand moddalarni tayyorlash bo‘yicha kattagina mutaxassis edi.

Hammasi Birinchi Jahon urushi paytida boshlangan, bo‘lajak yozuvchi bir necha yil davomida shifoxonadagi dorixonada farmatsevt-texnik sifatida xizmat qildi. Bir oz bir xillikka qaramay, unga dorixona ishi yoqdi.

Shifokor bemorga qancha dori buyurgan bo‘lsa,  Kristi xatosiz, gramm grammigacha aynan o‘sha miqdorni o‘lchab bergan. Uning fikricha, farmatsevtika taʼlimiga besh yil hayotini bag‘ishlagan har bir dorixonachi o‘z ishini juda yaxshi biladi. Farmatsevtik moddalarni o‘rganayotganda Kristi yon daftariga ularning tashqi ko‘rinishi, qanday taʼsir qilishi va nima bilan aralashtirish mumkin emasligini batafsil yozib borgan. Detektiv roman yozishni birinchi marta u aynan dorixonada o‘ylagan.

Qizig‘i shundaki, Agata Kristi egallagan bilim nafaqat unga qiziq adabiy asarlar yaratishda yordam berdi, balki Angliya va Sovet Ittifoqida odamlar hayotini saqlab qolgan. Masalan, London shifokorlari og‘ir ahvolda yotgan qizga tashxis qo‘yolmaganlar. Yaxshiyamki, hamshiralardan biri Agata Kristi ijodining ashaddiy muxlisi bo‘lib, yozuvchining “Oq ot villasi” hikoyasida keltirilgan zaharlanishni eslaydi va qizchadagi alomatlar talliydan zaharlanish bo‘lishi mumkinligini aytadi. Sovet Ittifoqida ham o‘sha asar tergovchiga qo‘l keladi. U olib borgan zaharlanish bilan bog‘liq ishda aynan talliy moddasi ishtirok etishini aniqlaydi.

 Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech