O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Dunyoning eng go‘zal, sizni hayratlantiruvchi yetti dorixonasi (1-qism)

Dunyoda ko‘p asrlik tarixga ega yoki zamonaviy sanʼat asariga tenglashtirsa arzigulik ko‘plab dorixonalar mavjud.

Yashil xoch belgisi, shaffof oynali tokchalar, oq xalatlar - bu dorixona haqida gap ketganda ko‘z oldimizga keladigan birinchi tasavvurlar. Farmatsevtika muassasalarining tashqi o‘xshashligi xuddi uniformaga o‘xshab ketadi: dunyoning qaysi burchagida bo‘lishidan qatʼi nazar, dorixonalarning xarakterli dizaynni hech narsa bilan adashtirib bo‘lmaydi.  Biroq, dunyoda sanʼat asarlari bilan tenglashtirilishi mumkin bo‘lgan ko‘plab dorixonalar mavjud. Pharma Magazine tahririyati dunyoning eng chiroyli, ko‘zga tashlanadigan dorixona binolari ro‘yxatini tuzdi. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati tomonidan tarjima qilingan ushbu maʼlumotlar umid qilamizki sizga manzur bo‘ladi.

 

1 - Officina Profumo - Farmaceutica di Santa Maria Novella dorixonasi

Florensiyada joylashgan ushbu haqiqiy marvarid birinchi go‘zallik unvoniga loyiqdir. Marmar pollar, baland shiftlar, zarhallangan araqilar va misdan yasalgan haykallar - buning barchasi dorixonaga tashrif buyurgan har bir insonni hayratga soladi. Aytish lozim, Uyg‘onish davriga mansub bu go‘zallik asldir, chunki Santa Mariya Novella Yevropadagi farmatsevtika biznesining birinchi vakillaridan biridir. Dorixona XIII asr qurilgan freskali cherkov binosida joylashgan. Dorixonaning aniq ochilgan vaqti nomaʼlum. Ammo, aytishlaricha, 1221 yilda bu yerga kelgan dominikanlik rohiblar monastirga asos solgan, va biroz vaqt o‘tganidan so‘ng shaharda dorixona faoliyat yurita boshlagan. Rohiblar monastir  xududida dorivor o‘simliklarni yetishtira boshlaganlar, bemorlarga tarqatish uchun dori-darmonlarni tayyorlaganlar va monastir kasalxonasining ehtiyojlarini qondirganlar. Hozirgi dorixona aynan o‘sha yerda joylashgan - Via della Scala ko‘chasi 16 uyda.

 

Santa Mariya Novellada asl ichki ko‘rinishni saqlab qolishga erishilgan - turli davrlarga mansub antiqa mebellar, freskalar va buyumlar, shuningdek, XVI asrga oid noyob kitoblar, dorixona anjomlari va maishiy texnikalar. Dorixona maydoni ham deyarli o‘zgarmagan. Bino ichidagi ustunlar, shuningdek XIV asrda Mariotto di Nardo tomonidan yaratilgan qadimiy freskalar saqlagan. Savdo xonasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Santa Mariya Novella monastiriga maxsus portal orqali o‘tishingiz mumkin. Bugungi kunga qadar binoning ikkala tomonida rohiblarning farmatsevtika faoliyatiga bo‘lgan huquqini tasdiqlovchi osma taxtachalar mavjud.

2 - Placebo dorixonasi

Mehmonni hayratga solish uchun dorixona uzoq tarixga ega bo‘lish shart emas. Afinaning Vouliagmenis Avenue shoh ko‘chasi 85-uyda joylashgan Placebo Pharmacy dorixonasiga nazar solsangiz kifoya. To‘rtburchak shakldagi binoning old qismi dumaloq bo‘lib, Brayl yozuviga taqlid qilingan teshiklar bilan o‘ralgan va ular orasidagi bo‘shliq yashil o‘simliklar bilan qoplangan. Brayl shrifti bu holda o‘ziga xos havola bo‘lib, unga muvofiq tibbiy mahsulotlar qadoqlarida ko‘zi ojizlar uchun ko‘rsatmalar bo‘lishi kerak. Yunonistonning KLab Architecture studiyasi tomonidan yaratilgan ushbu zamonaviy farmatsevtika muassasasi 2011 yilda qurilgan va hozirda ko‘plab sayyohlarning tashrif makonidir.

 

Placebo Pharmacy dorixonasi ichi yorug‘ va kafiyatni ko‘taradigan muhitga ega. Bino ikki qavatli. Birinchisida juda o‘ziga xos tarzda bezatilgan savdo maydonchasi mavjud. Markazda joylashgan kassa tomondan dori-darmonli tokchalar aylana shaklida tarqaladi. Bunday joylashuv kassirga butun savdo maydonchasini kuzatishga imkon beradi. Dorixonaning assortimenti asosan retseptsiz beriladigan dorilar, kosmetika, ortopediya mahsulotlari va sport kiyimlaridan iborat. O‘simliklar va organik mahsulotlar alohida ahamiyatga ega, chunki Placebo Pharmacy dorixonasi ona va bola sog‘lig‘iga ixtisoslashgan.

 

Ikkinchi qavatda maʼmuriyat va shifokor xonasi joylashgan. Bundan tashqari, bu yerda sohaga oid turli seminarlar o‘tkaziladi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech