O‘zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Ру O`z Ўз En

Emlashdan o‘tishni rad etgan xodimni ishdan chetlatishga ruxsat beruvchi qonun imzolandi

2021 yil 2 avgust kuni Prezidentimiz “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlashga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi Qonunni imzoladi.

Ushbu qonun bilan Mehnat kodeksining 113-moddasiga xodim karantinli va yuqumli kasalliklar tahdidi bo‘lganda Bosh davlat sanitariya vrachi qarori asosida profilaktik emlashdan o‘tishni rad etsa (qarshi ko‘rsatma mavjud bo‘lmaganda) ish beruvchi uni ishga qo‘ymaslikka haqli ekanligiga oid ko‘shimcha kiritildi.

“Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra karantinli va xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi tahdidi bo‘lganda Bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida aholini profilaktik emlashdan o‘tkazish joriy etilishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 17 iyuldan ayrim toifadagi fuqarolarga majburiy emlash joriy qilingan edi. Ular - tibbiyot va taʼlim muassasalari, transport kompaniyalari, chakana savdo shoxobchalari xodimlari, davlat xizmatchilari hamda boshqalar. 

Shu bilan birga, adliya vaziri Ruslanbek Davletov ish beruvchi xodimni emlashdan bosh tortgani uchun ishdan bo‘shatishi emas, balki chetlashtirishi mumkinligini maʼlum qildi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingandan so‘ng kuchga kiradi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish
agentligi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech